Qoraqalpog‘iston mintaqaning «yashil» energiya markaziga aylanmoqda
Nukus shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Qoraqalpog‘istonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda.
So‘nggi yillarda Qoraqalpog‘istonda 860 megavattli yangi energetika quvvatlari ishga tushirildi. Beruniy va Qorao‘zakda shamol stansiyalarining qurilishi hisobiga «yashil» energiya ulushi 23 foizga yetdi. Elektr ishlab chiqarish 4 karra oshib, 5 milliard 330 million kilovatt-soatni tashkil etdi. Bu aholi va korxonalarning yillik talabidan qariyb 3 barobar ko‘p.
Kecha 7 milliard dollarlik 47 ta yangi loyiha qurilishiga start berildi. Jumladan, Qo‘ng‘irotda 2 milliard 600 million dollarlik, quvvati 1,5 ming megavattli shamol stansiyasini qurish boshlandi. Loyiha doirasida 1,5 ming kilometr yuqori kuchlanishli tarmoq va 500 kilovoltli 3 ta podstansiya barpo etiladi.
2030-yilgacha jami quvvati 3 ming 300 megavattli shamol stansiyalari ishga tushirilib, «yashil» energiya ulushi 76 foizga yetkaziladi, 400 megavattli energiya saqlash quvvati yaratiladi.
Qoraqalpog‘iston «yashil» energiya ishlab chiqarish bo‘yicha mintaqaning eng yirik markazlaridan biriga aylanadi.
O‘zA