Prezident topshirig‘i amalda
Prezidentimiz raisligida o‘tgan yili bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishlaridan birida har bir shahar va tuman markazida kamida ikkitadan “yashil maydon” va jamoat parklari tashkil etilishi alohida uqtirilgani holda mahalliy hokimliklarga istirohat bog‘larida aholi uchun “sokin hudud”larni tashkil etish vazifasi topshirilgandi. Bunda, mazkur bog‘larning kamida 60-70 foizi “yashil hudud” bo‘lishi kerakligi alohida ta’kidlangan.

Shu nuqtai nazardan, Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida “Sohil bo‘yi dam olish maskani”ni barpo etish loyihasi ishlab chiqildi. Замонавий savdo, xizmat ko‘rsatish va ko‘ngilochar maskanlarni tashkil etish bo‘yicha boshlangan “Sohil bo‘yi” loyihasi jadal sur’atlar bilan amalga oshirilmoqda.
Loyiha doirasida tuman markazidan oqib o‘tuvchi “Amu-Qorako‘l” kanali o‘zanining 2,5 kilometr uzunlikdagi qismi betonlashtirildi. Shuningdek, 1,1 kilometr hududda savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari barpo etilmoqda.

Tuman hokimi Xurshid Tohirov ushbu loyiha doirasida olib borilayotgan ishlar jarayoni bilan yaqindan tanishdi. Avvalo, tadbirkorlik faoliyatini boshlash niyatida bo‘lgan fuqarolar bilan suhbatlashdi. Ularga tuman hokimligi tomonidan zarur ko‘mak va yordam ko‘rsatilishi ta’kidlandi.
Shundan so‘ng, qurilish, tekislash va obodonlashtirish ishlari ko‘zdan kechirildi. Ayni vaqtda hududda 30 dan ortiq tadbirkorlik sub’ektini tashkil etish rejalashtirilgan bo‘lib, 14 ta ob’ektda ishlar boshlab yuborilgan.

Ayniqsa, loyiha doirasida bunyod etilayotgan zamonaviy favvoralar tuman aholisi kayfiyatini ko‘tarib, hududning yanada chiroy ochishiga xizmat qiladi. Shu bilan birga, mazkur maskanga olib boruvchi yo‘llar to‘liq tartibga keltirilmoqda, atrof-muhitni obodonlashtirish ishlari ham izchil davom etmoqda.
Mazkur ishlar natijasida “Sohil bo‘yi” nafaqat savdo va xizmat ko‘rsatish maskani, balki fuqarolar uchun qulay dam olish va sayr qilish hududiga aylanishi kutilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.