Qorako‘lda bog‘chalar soni yana ikkitaga ko‘paydi
Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida ikkita maktabgacha ta’lim tashkiloti ishga tushdi.
“Yangi O‘zbekiston” massivida qurib foydalanishga topshirilgan 43-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining zamonaviy qiyofasi ko‘zni quvontiradi. “Bunyod Shahzod Fayz” xususiy korxonasi tomonidan 6,5 milliard so‘m mablag‘ evaziga yangidan barpo etilgan ushbu muassasa 180 o‘ringa mo‘ljallangan. Xonalar milliy qadriyatlarimizni aks ettiruvchi o‘quv-metodik jihozlar bilan ta’minlangan.

Shuningdek, zamon talablari darajasida barpo etilgan tibbiyot xonasi, oshxona, universal zal, yotoqxonalar hamda yozgi ayvonchalar bolajonlar uchun xizmat qilishga shay holatda.
Ochilish marosimida ishtirok etgan tuman hokimi Xurshid Toxirov bir guruh nuroniylar hamrohligida ushbu zamonaviy muassasada yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. E’tiborlisi, ushbu maktabgacha ta’lim tashkiloti Qorako‘l mahallasi hududidagi beshinchi maktabgacha ta’lim tashkilotidir. Uning ishga tushishi bilan mahalla hududida bog‘cha yoshidagi bolalarni qamrov darajasi 100 foizga yetdi.

Shuningdek, tumanning Bandboshi mahallasida yana bir maktabgacha ta’lim tashkilotining ochilish marosimi o‘tkazildi. Bandboshi va Qaymoqchi qishloqlarida yashovchi bolajonlar quvonchiga quvonch qo‘shgan ushbu maktabgacha ta’lim tashkiloti so‘ngi paytlarda “Qorako‘l tajribasi” nomi bilan tilga olinayotgan yangicha yo‘nalish, ya’ni aholisi zich yoki qamrov ko‘rsatkichi past bo‘lgan hududlardagi maktablarning bo‘sh turgan binolarida maktabgacha ta’lim tashkiloti ochish loyihasi asosida tashkil etildi.

41-maktabning bo‘sh turgan binosida 24-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining filiali sifatida ochilayotgan ushbu muassasaga endilikda 90 nafargacha bolajonlar qamrab olinadi. Shu bilan tumanda faoliyat olib borayotgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni xususiy maktabgacha ta’lim tashkiloti bilan qo‘shib hisoblaganda 136 taga yetkazildi. Ayni vaqtda yana 4 ta maktabgacha ta’lim muassasalarida qurilish ishlari olib borilmoqda.
Ma’lumot uchun, bundan 5-6 yil avval tumanda maktabgacha ta’lim tashkilotlariga bolalarning qamrov darajasi bor-yo‘g‘i 18 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, bugungi kunda ushbu ko‘rsatgich 72 foizga yetdi. Yil yakunigacha bolalar qamrovini 80 foizdan oshirish rejalashtirilgan.
Zarif Komilov, O‘zA