Qorako‘lchilik ilm-fan asosida rivojlanadi
Respublika Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi hamda “Qorako‘lchilik” uyushmasi tashabbusi bilan Nurobod tumanidagi Samarqand viloyat qorako‘lchilik markazi hamda “Nurli el-chorvadori” mas’uliyati cheklangan jamiyati bazasida qo‘zilatish mavsumini namunali o‘tkazishga bag‘ishlangan o‘quv-amaliy seminarlar bo‘lib o‘tdi.
Seminarda Jizzax va Samarqand viloyatlaridagi qorako‘lchilik xo‘jaliklari va klasterlar rahbarlari, chorva, naslchilik bo‘yicha mutaxassislar, vetvrach va vettexniklar ishtirok etdi.
– Qishloq xo‘jaligida yilning dastlabki hosili qorako‘lchilik sohasida olinadi, – deydi Qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti direktori, “Qorako‘lchilik” uyushmasi raisining ilm-fan bo‘yicha o‘rinbosari N.Boboqulov.
– Qishning izg‘irin va ayozli kunlaridan betalofat olib chiqilgan sovliqlar mart oyida qo‘zilashni boshlaydi. Qorako‘lchilikda ushbu mavsum eng mas’uliyatli va sinovlarga boy palla hisoblanadi. Sababi mart oyida o‘tkaziladigan mavsum davomida ob-havoning turli noqulayliklari, ba’zan sovuq, ba’zan seryog‘in kunlar ko‘p bo‘lib, sovliqlardan sog‘lom va durkun qo‘zi olish cho‘pon-cho‘liqlar uchun mashaqqatli yumushdir. Bunday paytda belgilangan yumushlarni ilmiy asoslangan holda amalga oshirish kerak bo‘ladi. Seminar ayni shu maqsadda tashkil etildi.
Tadbirda olimlar, soha mutaxassislari qorako‘lchilik xo‘jaliklari va klasterlar mas’ullariga mavsumda e’tibor qaratish kerak bo‘lgan masalalar yuzasidan zarur tavsiya va maslahat berdi. Ilm-fan va ishlab chiqarishni integratsiyalash, mavjud ilmiy ishlanmalarni ishlab chiqarishga joriy etishga kelishib olindi.
G‘.HASANOV, O‘zA