Qorabayir – asl turkiy ot
QAROR VA IJRO
Tarixiy yozma manbalarga asoslansak, ot parvarishlash qadim mezolit davriga borib taqalishiga guvoh boʻlamiz. Shuningdek, bizning yozma va ogʻzaki adabiyotimizda ham otning 4 ming yil oldin qoʻlga oʻrgatilgani haqida maʼlumotlar uchraydi. Bunga oʻnlab dostonlarimiz, yuzlab maqollarimiz, minglab ot bilan bogʻliq rivoyat va afsonalarimizni isbot tariqasida keltirishimiz mumkin. “Chambil beldan ot qochirdim izi yoʻq”, deb kuylaydi bagʻri soʻxta, sozi puxta baxshi. Otlarning oti, zotlarning zoti boʻlmish qorabayir tulporlar ham zot sifatida shakllanishi 3 ming yillik tarixni oʻz ichiga olgan.
– Dunyo xalqlari orasida otni birinchi boʻlib qoʻlga oʻrgatgan xalq bu turkiylardir, – deydi Oʻzbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi matbuot kotibi Anvar Suyunov. – Turkiy xalqlar tamaddunida ham ot muhim ahamiyatga ega boʻlgan. Bizda qoramolchilikning piri Zangi bobo, Tuyachilikning piri Oʻysil qora, yilqichilik piri Qambar ota hisoblanadi. Qorabayir esa bizning turkiy xalqlarning asil suyukli oti ekanligini mifologik afsona, aytim va laparlarimizdan ham sezish mumkin. Masalan, “Otga bersang beda ber, Gʻajir-gʻujir chaynasin. Qizni bersang yoshga ber, Quvalashib oʻynasin”, “Otdir yigitning qanoti...”

Qadimgi Dovon davlatida “samoviy otlar” nomi bilan dovrugʻ qozongan afsonaviy otlar ham, Jaloliddin Manguberdi bilan birga jarlikdan sakragan, Sohibqiron Amir Temurning Toʻxtamishxonga hadya qilgan “Xang Oʻgʻlaq” laqabli oti ham aynan qorabayir zotidan boʻlganligini aytadi otshunoslar.
Qorabayir ot zotida boshqa ot turlarida uchramaydigan sadoqat, jasurlik va chidam-bardosh bor. Unda hech qachon qoʻrquv, vahima va sarosimaga tushish holatlari kuzatilmaydi. Uning yuragi va boshi boshqa otlardan hajm jihatdan ancha katta boʻlganligi uchun yovdan qoʻrqmaydi, boshqa hayvonlarda uchramas alohida zehn mavjud.
Zangiota tumanida qazi-qarta bilan tirikchilik oʻtkazadigan Baxtiyor qassobning aytishicha, qorabayir zotiga mansub otlarning yuragi boshqa otlarga qaraganda 4-5 barobar katta boʻlar ekan.

Tarixiy zotlardan boʻlgani uchun qorabayir otlari faqat qora rangda boʻlmaydi. Uning qizili, qorasi, olasi, toʻrigʻi, chovkari, xullas, turli rangi boʻladi. Tabiiy zotli otlar seleksiya usulida koʻpaytirilgan otlardan tubdan farq qiladi. Asl zotlar faqat bitta amalni bajarishga ixtisoslashmaydi, barcha harakatlarni birdek bajarishga moʻljallangan boʻladi. Qorabayir otlari ham yuk tashiydi, ham xoʻjalik ishlari, ham ulov vazifasini oʻtaydi, sport amallarida uning oldiga tushadigan ot zoti yoʻq. Bir soʻz bilan aytganda, qorabayir oti qoʻrqmas, qaytmas va abjir boʻladi. Ovqat tanlamaydi, oʻzini oʻzi muhofaza qilishni yaxshi biladi. Uloqda kam yemish yegani bois harakatini susaytirmaydi. Qornida yigʻib boradigan maxsus yogʻi tufayli uch kungacha yemishsiz, bir kun suvsiz yura oladi. Qorabayirning tashqi tuzilishi juda murakkab, tanaga nisbatan oyoqlari katta yoki oyoqlariga nisbatan tanasi katta emas. Qadimdan togʻ tipidagi otlar sirasiga kirganini uning boshi yirikligidan bilishimiz mumkin. Uning quloqlari va tumshugʻi oldinga qarab egilib turadi. Boʻyni kalta va eniga yoʻgʻon boʻladi. Ikki yon iyagi katta ochiq, qiziloʻngachi ham katta boʻlishi oʻpka kengligini taʼminlaydi. Qarchigʻay va boʻksa oraligʻi tekis boʻladi.
Boshqa hech bir ot turi oʻzining boshini borib devorga urmaydi, jarlikdan sakramaydi. Sind daryosida Jaloliddin Manguberdi bobomiz bilan birga tepalikdan suvga sakragan ot ham qorabayir boʻladi. Ikkinchi jahon urushiga Jizzax viloyatidan frontga yuborilgan va besh yil jangda ishtirok etib dovdiramagan, oʻqdan, talafotdan qoʻrqmay zararsiz qaytgan Choʻyan laqabli ot ham aynan qorabayir zotidan edi. sobiq SSSR otliq qoʻshini boshligʻi, shaxsan marshal Semyon Mixaylovich Budyonniy shu otga qiziqish bildiradi, natijada, Jizzaxdan shu turdagi otlardan bir nechtasini Rossiyaga olib ketadi. Bundan bilishimiz mumkinki, hozirgi Rossiyadagi Budyonniy nomidagi ot zavodlarida ham qorabayir otlari parvarishlanmoqda. Fargʻonaning afsonaviy otlari Xitoyga, Xiva xoni Shergʻozixonning qorabayir oti Buyuk Britaniya qirolligigacha borib yetgan. Bundan bilishimiz mumkinki, jahonning nomdor otlari qonida ham qorabayir qoni boʻlishi mumkin. Buni tarix isbotlab turibdi.

Prezidentimizning “Oʻzbekiston Respublikasida yilqichilik va ot sportini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida Oʻzbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi qoshida yuridik shaxs maqomiga ega Qorabayir zotli otlarni yetishtirish va koʻpaytirish boʻyicha innovatsion seleksiya-genetika markazini tashkil etish va aynan shu zotli otlarni koʻpaytirish boʻyicha qator koʻrsatmalar berildi.
Hozirda mamlakatimizda yilqichilik yoʻnalishida 14 ta naslchilik xoʻjaliklari samarali faoliyat olib bormoqda. Mazkur xoʻjaliklar sonini koʻpaytirish, ular bilan seleksiya-naslchilik otlarini oziqlantirish, saqlash, parvarish qilish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilgan. Shuningdek, Sariosiyodagi “Ulugʻ sabo”, Yakkabogʻdagi “Qorabayir” MCHJ, Ohangarondagi “Asl tulpor baraka”, Ellikqalʼadagi “Oʻrnak nasl chorva” naslchilik kabi fermer xoʻjaliklari negizida kelgusida qorabayir zotiga mansub otlarni yetishtirish, naslli otlar tayyorlash markazini tashkil qilish ishlari boshlab yuborilgan.
Oʻzbek xalq yilqichiligi tarixi ham qadim oʻtmishga borib taqaladi. Qorabayirni koʻpaytirishga qaratilgan chora tadbirlarni ham koʻplab milliy urf-odatlarimizni yuksaltirishga boʻlgan jiddiy eʼtibor, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Mamlakatimizda yilqichilik asosan Samarqand, Navoiy, Fargʻona, Surxondaryo kabi hududlarda taraqqiy etgan boʻlsa, bu jarayon Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida tizimli yoʻlga qoʻyilmoqda.