Qora uydan keng dunyoga boqqan adib
Poytaxtimizdagi so‘lim Adiblar xiyobonida O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi To‘lepbergen Qayipbergenov haqidagi «Qora uydan keng dunyoga» hujjatli filmi keng jamoatchilikka namoyish etildi.
Kinoshunos olimlar, shoir-yozuvchilar, To‘lepbergen Qayipbergenovning yaqin qarindoshlari ishtirokidagi tadbirda Kinematografiya agentligi raisining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Rizayev, Toshkent davlat agrar universiteti rahbarlari va boshqalar so‘zga chiqib, filmning suratga olish ishlari haqida gapirdi. T. Qayipbergenovning ibratli hayot yo‘li, boy ma’naviy merosiga to‘xtaldi.
Kinokartina Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan «Qoraqalpoqfilm» studiyasi hamda Toshkent davlat agrar universiteti bilan hamkorlikda suratga olingan.
Kartina O‘zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda olayotgan «Xalq yuragi» turkumidagi 24 nafar adibga bag‘ishlangan filmlardan biri hisoblanib, unda To‘lepbergen Qayipbergenovning mashaqqatli hayot yo‘li aks etgan.
Ssenariy muallifi Baxtiyar Madiyarov, postanovkachi rejissyor Bautdin Baymirzayev,postanovkachi operator Asenbay Asqarov. Kartinada Farit Uzaqbergenov, Bazarboy Uzaqbergenov, Davirxan Yembergenov, Aybek Shavdurbayev, Aysultan Sharipova, Sarbinaz Xabipova kabilar rollar ijro etgan.
– 30 daqiqalik hujjatli filmda ko‘p narsani aks ettira olmasligimiz tabiiy hol, –- deydi ssenariy muallifi Baxtiyar Madiyarov. – Imkon qadar kartinada adib hayotini to‘liq qamrab olishga harakat qildik. Uning tug‘ilishidan tortib, ijodi, umr yo‘li, avlodlari faoliyatini ham ko‘rsatishga intildik. Uning qoraqalpoq adabiyotida alohida o‘rin tutadigan asarlaridan parchalar keltirishga harkat qildik. Men o‘ylayman, adib hayoti yaxshi, keng qamrovli turkum badiiy film ishlashga arziydi. Ana shunday imkon tug‘ilsa, men yana To‘lepbergen Qayipbergenov faoliyati haqida ssenariy yozishga tayyorman.
Kartina qoraqalpoq diyorida bir yig‘loqi yigit tug‘ilishi bilan boshlanadi. Shinam o‘tov, keng dala, bepoyon cho‘lda unib-o‘sgan, zamin bobolariga doston-o‘lanlar o‘qib bergan bola dostonni kim yozgan ekan, qaniydi men ham doston yozsam, deya orzu qiladi... Oradan ko‘p vaqtlar o‘tadi. Bola To‘lepbergen ulg‘ayadi. Kamol topadi. Hujjatli filmda arxiv kadrlardan, hujjatlar va xotiralardan unumli foydalanilgan. Unda T. Qayipbergenovning mashaqqatli davrda yashab o‘tgani, qoraqalpoq tarixini yaratishdagi ulkan hissasiga alohida e’tibor qilingan. Kartinada adibning jamiyatda o‘z o‘rniga ega ziyoli farzandlarining faoliyati ham aks etgan. Ular otasidan olgan tarbiyasini oqlab kelmoqda.
– Otam butun umrini ijodga, qoraqalpoq xalqini ulug‘lashga bag‘ishladi, – deydi Adilbek Tulepbergenov. – Uning tug‘ilib o‘sgan yurtini sevishi, xalqini ulug‘lashi ko‘plar tomonidan e’tirof etilgan. Chingiz Aytmatovdek buyuk yozuvchi otamga sen xalqingni yuksaklarga ko‘taruvchi asarlar yoza olding, senga havas qilaman, degan. Yana bir narsani aytishni joiz topaman, otamning o‘zbek ijodkorlari orasiga kengroq kirib borishida taniqli adib Abdulla Qahhorning o‘rni betakror. Otam hayoti aks etgan hujjatli film tomoshabinlarda qoraqalpoqning shunday insoni o‘tgan ekanda, degan qiziqish, asarlarini o‘qishga ishtiyoq uyg‘otsa, ajab emas.
Eslatib o‘tamiz, Alisher Navoiy, Bobur, Abdulla Oripov, G‘afur G‘ulom, Ogahiy, Ibroyim Yusupovlar hayot yo‘liga bag‘ishlangan hujjatli filmlar premerasi bo‘lib o‘tdi. 29 sentyabrga qadar Cho‘lpon, Erkin Vohidov, Muhammad Yusuf, Hamid Olimjon, Aleksandr Faynberg, Said Ahmad va Saida Zunnunova, Zulfiya va boshqa adiblar haqidagi filmlar namoyishi bo‘ladi.



D. Mamatova, O‘zA