Qora dengizdagi don yo‘lagi qayta ochildi
Rossiya-Ukraina
Bugun Kiyevga Chexiya Bosh vaziri Petr Fiala boshchiligidagi delegatsiya yetib keldi. Tashrif dasturiga ko‘ra, Ukraina-Chexiya hukumatlararo qo‘shma yig‘ilishi o‘tkazilishi rejalangan.
Fialaning so‘zlariga ko‘ra, shuningdek, “ukrainalik do‘stlar bilan bir necha uchrashuv bo‘lib o‘tadi”.
AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken va Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I o‘rtasidagi telefon muloqotida Rossiya-Ukraina inqirozi “global xavfsizlik va iqtisodiy barqarorlik nuqtai nazaridan” ko‘rib chiqildi, deb xabar berdi XXR tashqi siyosat mahkamasi matbuot xizmati.
Suhbat chog‘ida Van I tomonlar vazminlik ko‘rsatishi lozimligi, vaziyat yanada keskinlashuviga yo‘l qo‘ymaslik uchun masalani hal qilish bo‘yicha diplomatik sa’y-harakatni kuchaytirish kerakligini aytgan.
“Hali muzokara eshigi yopilmagan. Ehtimol, bir foiz bo‘lsa ham, tinchlik maqsadida imkoniyatni yuz foizga chiqarish kerak”, degan Xitoy vaziri.
Istanbuldagi Qo‘shma muvofiqlashtirish xalqaro tashkiloti vakolatxonasi xabariga ko‘ra, bugun BMT, Turkiya va Ukraina tomonidan dengiz gumanitar yo‘lagi bo‘ylab 16 ta kemaning harakat jadvali tasdiqlandi.
“Bu haqda Rossiya tomoni xabardordor qilindi”, deyiladi xabarda.
Ukrainaga yaqin portlarda jami 700 ming tonnaga yaqin oziq-ovqat yuklangan 21 kema qo‘zg‘alishga tayyor. MAmlakat infrastruktura vaziri Aleksandr Kubrakov bugun 12 ta kema yo‘lga tushganini bildirdi.
Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an “Rossiyaning kelishuvdagi ishtiroki to‘xtaganiga qaramay, Turkiya Qora dengiz don shartnomasini amalga oshirish uchun sa’y-harakatni davom ettiradi”, deya bayonot berdi.
“Anadolu” xabarida, shuningdek, Turkiya va BMT vositachiligida erishilgan kelishuvga asosan, Ukrainadan hozirgacha 9,3 million tonna qishloq xo‘jaligi mahsuloti eksporti ta’minlangani aytiladi.
Ispaniyaning migratsiya bo‘yicha davlat kotibi Isabel Kastro “EFE” agentligiga intevyusida ta’kidlashicha, qish yaqinlashishi bilan mamlakatga qaytayotgan ukrainalik qochoqlar soni ko‘payishi kutilyapti.
Oxirgi sakkiz oyda Ispaniya 150 mingdan ziyod ukrainalikni qabul qilgan. O‘tgan hafta hukumat Ukrainadan kelgan ko‘chmanchilar xarajatini qoplash uchun 81,7 million yevro ajratgani aytilgan edi.
Abror XON, O‘zA