O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining birinchi o‘rinbosari Obidjon Qudratov boshchiligidagi vazirlik delegatsiyasi Qozon (Tatariston) shahrida bo‘lib o‘tgan qor qoplonini asrash bo‘yicha xalqaro konferensiyada ishtirok etdi.
Anjumanda qor qoplonlari yashaydigan 12 davlatdan, jumladan, Afg‘oniston, Butan, Xitoy, Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Mo‘g‘uliston, Nepal, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekistondan davlat idoralari, ekologiya institutlari, ilmiy jamoatchilik, biznes va xayriya tashkilotlarining 180 nafar vakili qatnashdi.

Yalpi majlisda so‘zga chiqqan O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari bioxilma-xillikni saqlash bo‘yicha mamlakatimiz hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlarni alohida ta’kidladi. Xususan, so‘nggi besh yil ichida mamlakatimizda muhofaza etiladigan tabiiy hududlar (METH) maydoni 4,6 foizdan 14,1 foizga oshgani qayd etildi. Shuningdek, ekoturizm va ekologik ta’limni rivojlantirish uchun uchta yangi tashrif markazi ochilganligi, ulardan ikkitasi tog‘ ekotizimlari va qor qoplonlarining yashash joylarini o‘rganishga qaratilganligi aytib o‘tildi.
Bundan tashqari, yurtimizda qor qoplonlari sonini monitoring qilish uchun GPS kuzatuvi va fotoqopqon kabi zamonaviy texnologiyalardan foydalanish haqida ta’kidlandi.
Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekistonda ushbu noyob yirtqichning soni 100 dan oshadi. Qor qoplonlarini yo‘q qilishning asosiy sabablaridan biri bu ularning chiroyli terisi uchun brakonerlikdir. Bundan tashqari, ularni qafasga solib namoyish qilish uchun ham qo‘lga olinadi.
Konferensiya yakunida qor qoplonlarini himoya qilish sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, ilmiy va jamoat tashkilotlari, davlat organlari va biznes hamjamiyatining o‘zaro hamkorligini rivojlantirishga qaratilgan Qozon rezolyutsiyasi qabul qilindi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish lozimki, o‘tgan 2024 yilda mamlakatimizda Hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlari bo‘yicha COP14 Tomonlar konferensiyasida qor qoplonini muhofaza qilish bo‘yicha Samarqand rezolyutsiyasi qabul qilingan. Joriy yilda Samarqand shahrida CITES COP20 konvensiyasi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA