Avval xabar berganimizdek, kecha va bugun Qo‘qon shahrida “Farg‘ona – vodiy gavhari. Investitsiya va turizm istiqbollari” xalqaro forumi bo‘lib o‘tmoqda. Uning ishtirokchilari viloyatdagi ishlab chiqarish korxonalarida bo‘lib bo‘lajak hamkorlari faoliyati bilan tanishdilar.
Qo‘qonga xorijiy ishbilarmon doira vakillari hamda yurtimiz viloyatlaridan tadbirkorlar kelishdi. Bugun ertalabdan “Sanoat kooperatsiyalari va investitsiya jozibadorligi”, “Farg‘ona viloyati turizm imkoniyatlari” kabi mavzularda ishtirokchilarning tarmoq muloqotlari bo‘lib o‘tdi. “O‘rda” majmuasida esa “Made in Fergana” – “Farg‘onada ishlab chiqarilgan” sanoat va hunarmandchilik ko‘rgazmasi tashkil etildi. Unda viloyatning barcha ishlab chiqaruvchilari o‘z mahsulotlari bilan qatnashdilar.

– Farg‘ona xorijiy mamlakatlarda o‘zining hushtam mevalari bilan mashhur, – deydi Farg‘ona viloyati hokimining o‘rinbosari Nuriddin Mamajonov. – Lekin so‘nggi yillarda O‘zbekiston Prezidenti olib borayotgan islohotlar tufayli Farg‘onada yaratilgan investitsion muhitni arab davlatlarida yaxshi bilishmaydi. Bizning maqsadimiz aynan Osiyo va Yevropa mamlakatlariga Farg‘onaning imkoniyatlarini targ‘ib qilishdir.
–Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida yagona ichki sayohat xalqasini tashkil etish kerak deb hisoblayman, – deydi Qozog‘iston respublikasi Milliy turizm kompaniyasi raisi Qayrat Sadvakkasov. – Bugun biz Qo‘qon –Turkiston–Qo‘qon yo‘nalishida muntazam aviaqatnovni tashkil etish haqida muzokaralar olib bordik. Bilasizmi, tajribamdan shuni aytamanki, qozog‘istonliklarning Farg‘ona vodiysiga qiziqishlari katta. Bu yo‘nalish ochilsa sayyohlar oqimi ikki tomonga ham ko‘payadi.

Nihoyat Qo‘qonning hashamatli “O‘rda” maydonida xalqaro forumning asosiy, yalpi mashvarati tantanali ravishda ochildi. Uni xabashistonlik taniqli xalqaro jurnalist Adu Sheva Josh olib bordi. Dastlab Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov viloyatning iqtisodiy, investitsion va sayyohlik salohiyatini taqdim etdi. Shundan so‘ng O‘zbekiston respublikasi vazirliklari va iqtisodiy hamkorlikka dahldor idoralar rahbarlari, turizm tashkilotchilari so‘zga chiqib mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligi haqida gapirdilar.

Forumga Yevropa va Osiyoning 30 ga yaqin davlatlaridan ishbilarmonlar tashrif buyurdi.Nega bu anjumanga qiziqish shunchalar katta? Uning ishtirokchilari O‘zbekistonda soliq turlari 30 tadan 9 taga tushirilgani, biznes yuritish uchun olinadigan litsenziyalar soni 71 taga kamaygani va nihoyat O‘zbekiston tabiiy resurslar mamlakati ekanini ta’kidlashmoqda.
Forumda ishtirok etgan xorijiy mehmonlar O‘zbekiston investitsiyaviy muhiti afzalliklarini e’tirof etib qo‘shma kapital asosidagi korxonalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalarini bayon etdilar.
– Men Quvaytdan atayin shu forumga yetib keldim. O‘zbekiston investitsiya kiritishga jozibador ekanini ko‘rdim, – deydi Ali Muhammad. – Bu yerda farmatsevtika sohasida hamkasblarim bilan muzokaralar olib bordim. Kelgusida hamkorlikda dori-darmon ishlab chiqarish korxonasi ochishni niyat qildik. O‘shanda men O‘zbekistonda tayyorlangan farmatsevtika mahsulotlarini avvalo Quvayt, qolaversa arab davlatlariga ham eksport qila olaman.

–Forum doirasida qo‘shni davlat vakillari bilan Markaziy Osiyo uchun yagona viza asosida turlar tashkil etish lozimligi ham muhokama qilindi. Shunda xorijlik sayyohlar bir turda ikki-uch davlatda bo‘lishi imkoniyati yaratiladi, - deydi Qayrat Sadvakkasov. – Bu bir jihatdan harajatlarni kamaytirsa, ikkinchi jihatdan turistlarning oshishiga xizmat qiladi.

– TATUning Farg‘onadagi filiali IT sohasida Vengriya oliy o‘quv yurtlari bilan klaster tuzish haqida kelishuvga erishdi. Xitoylik tadbirkorlar bilan viloyatda bolalar atraksionlari ishlab chiqarish korxonasini ochish uchun 17 mln.dollarlik shartnoma tuzildi, – deydi Nuriddin Mamajonov.–Umuman forum davomida shu kabi 24 ta kelishuvlar imzolandi. Biz forum haqida BBC, Al-Arabiya, Al-Jazira va boshqa xorijiy ommaviy axborot vositalarida xabar bergan edik. Natijada Farg‘onaga o‘z ixtiyori bilan kelgan xorijiy tadbirkorlar soni ko‘paydi. Bu esa shubhasiz forum nufuzini oshirdi.
“Farg‘ona – vodiy gavhari. Investitsiya va turizm istiqbollari” I xalqaro forumi muvafaqqiyatli yakunlandi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/eR90DZpe6I4?si=lwoey3mBRwWLTiRO" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video), O‘zA