Joriy yilning 7-10 iyun kunlari Qo‘qon universitetida ilk bor O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsiyalarni joriy qilish va texnologiyalar transferi milliy ofisi bilan hamkorlikda “TechnoWays“ texnologik rivojlanish marafonining hududiy bosqichi bo‘lib o‘tadi. Marafonda Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlaridagi 16 ta oliy ta’lim muassasasining professor-o‘qituvchilari, iqtidorli talabalari, ko‘ngilli yoshlari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Prezidentimizning 2021 yil 1 aprelda qabul qilingan “Ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish bo‘yicha davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash hamda 5 ta muhim tashabbus doirasida o‘tkazilayotgan marafonda yoshlarning texnologik bilimlarini oshirish, ularga startaplarni g‘oyadan prototip holatigacha olib chiqish va akseleratsiyasini amalga oshirish bo‘yicha amaliy ko‘mak berishga e’tibor qaratiladi.
Texnologik rivojlanish marafonida vodiyda joylashgan barcha oliy ta’lim muassasalaridan bittadan jamoa tugallangan loyihalari bilan qatnashadi. Ishtirokchilar “3D prototiplashtirish”, “Mexatronika va Robototexnika”, “Dasturlash”, “Biotexnologiya”, “Oziq-ovqat sanoati”, “VR va AR”, “Muqobil energiya” va “Mashinasozlik” yo‘nalishlari bo‘yicha guruhlarga bo‘linib, ularda interaktiv seminar-treninglar, taqdimot mashg‘ulotlari tashkil etiladi.
Marafon doirasida hududiy loyihalar ko‘rgazmasi o‘tkazilib, oliy ta’lim muassasalarining professor -o‘qituvchilari, iqtidorli yoshlar innovatsion, texnologik, ilmiy, startap loyiha va ishlanmalari taqdimotini o‘tkazadi. Saralab olingan ishlanmalar mualliflari Innovatsiyalarni joriy qilish va texnologiyalar transferi milliy ofisi tomonidan har yili kuz oylarida o‘tkaziladigan Xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligi -«InnoWeek.Uz»da ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritadi.
Texnologik rivojlanish marafoni doirasida tajribali spikerlar tomonidan ma’ruzalar va treninglar, OTMlarning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektorlari uchun seminarlar hamda Qo‘qon universiteti professor-o‘qituvchilari, iqtidorli talabalaridan shakllantirilgan volontyorlar jamoasi tomonidan flashmob, intellektual o‘yinlar, kechki ko‘ngilochar tadbirlar o‘tkaziladi.
M. Sulaymonov, O‘zA