O‘zbek adabiyoti tarixining hali to‘la o‘rganilmagan sahifalarini yoritishga qaratilgan izchil tadqiqotlar davom etmoqda. Shu yo‘nalishda yaqinda nashr etilgan Muhammad. Alixonning she’rlar to‘plami – «Devon» – o‘zining tarixiy va adabiy ahamiyati bilan alohida e’tiborga sazovor. «Tamaddun» nashriyotida yuqori poligrafik sifatda chop etilgan ushbu kitob soha mutaxassislari va keng kitobxonlar orasida katta qiziqish uyg‘otdi.
Mumtoz adabiyot tarixida hukmdor va ijodkor bo‘lgan ko‘plab shaxslar mavjud bo‘lib, ularning ijodiy merosini o‘rganish davr madaniy ahvoli va tarixiy haqiqatlarini yoritishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu qatorida Qo‘qon xoni Said Muhammad Alixonning (1808–1842) ijodiy faoliyati ham uzoq vaqt turli bahs va munozaralarga sabab bo‘lgan. Shu bois zahmatkash matnshunos, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Otabek Jo‘raboyevning sa’y-harakati bilan nashr etilgan ushbu «Devon» xonning ijodiy merosini keng ommaga tanishtirishda muhim qadam bo‘ldi.

Kitobning tarkibi va ilmiy ahamiyati
Kitobda batafsil kirish so‘zi, ilmiy-izohli matnlar va qo‘lyozmalar faksimillari bilan o‘rin olgan. Olimning uzoq yillik izlanishlari davomida ko‘plab adabiy va tarixiy manbalarni chuqur tahlil qilgani, she’r matnlariga mingga yaqin ilmiy izohlar berib chiqqani kitobning qadrini yanada oshiradi.
Kirish so‘zida Muhammad Alixonning «Xon» taxallusi bilan bitilgan she’rlari zamondosh ijodkorlar va tarixnavislarning e’tiborida bo‘lgani ta’kidlangan. Uvaysiyning Xonga atalgan dostoni, Maxmurning bag‘ishlovlari va Jahonotinning muvashshah g‘azali shoirga bo‘lgan yuksak hurmatni yaqqol namoyon qiladi. Shu bilan birga, kitobda xonning madaniyat va san’at rivojiga qo‘shgan hissasi haqida ham muhim ma’lumotlar keltirilgan. Masalan, Navoiy dostonlarining miniatyurali qo‘lyozmasini tayyorlatgani, «Xazoyin-ul-maoniy» majmuasini 300 nusxada ko‘chirtirib, xonlikning turli shaharlaridagi kutubxonalariga tarqatgani va Turkiston shahrida Ahmad Yassaviy maqbarasini ta’mirlashga bosh-qosh bo‘lgani alohida qayd etilgan.

Ijodiy merosning boyligi
Adabiyotshunos O.Jo‘raboyevning aniqlashicha, Xon ijodi g‘azal, muxammas, musaddas, ruboiy va fard kabi janrlarni qamrab olgan 2307 misra she’rni o‘z ichiga oladi. Ta’kidlash lozimki, Xon zullisonayn shoir bo‘lgan. Uning fors tilidagi ruboiy va fardlari ham mavjud. She’rlarida Fuzuliy an’analariga ergashish, fuzuliyona ohang yaqqol seziladi. Shu bilan birga, mavlono Lutfiy va hazrat Navoiy ijodini qadrlab, g‘azallariga taxmis va tazmin bog‘lagani ham ma’lum.

Xon devonining qiymatini oshiruvchi yana bir jihat she’rlar boshlanishidan oldin debocha (nasriy parcha)ning o‘rin olganligidir. Ushbu matn devon tuzuvchining o‘z ishiga nechog‘li mas’uliyat bilan yondashganidan dalolat beradi.
Xon adabiy merosida oshiqlik lirikasi yetakchilik qiladi. Shoir she’rlarida an’anaviy tashbehlar bilan birga o‘ziga xos ohang, til, uslub, ijodiy tafakkur namoyon bo‘ladi:
Ohkim, bir bevafo jonona oshiq bo‘lmisham, Dema: «Jononkim», baloi jona oshiq bo‘lmisham — baytida bir paytning o‘zida xalqona ohang, navoiyona uslubni va shoirgagina xos tilni payqash mumkin.
Shoirning ijodiy ta’sir doirasi keng bo‘lib, uning g‘azallariga Ogahiy, Fano va Tabibiy kabi shoirlarning muxammas bog‘lagani ham bunga dalildir.
Adabiy va tarixiy ahamiyati
Muhammad Alixon ijodining qo‘lyozmalari Peterburgdagi Sharq qo‘lyozmalari instituti, Fransiya milliy kutubxonasi, O‘zbekiston Davlat adabiyot muzeyi va Qo‘qon davlat muzey qo‘riqxonasida saqlanadi. Peterburg nusxasi 1833 yilda kitobat qilingan, Qo‘qonda ko‘chirilgan nusxa esa XIX asrga tegishli eng so‘nggi nusxasi bo‘lishi mumkin.
Qisqa qilib aytganda, asl qo‘lyozmalar bilan birga taqdim etilayotgan Sayid Muhammad Alixon devonining ushbu nashri adabiyotshunoslar, tarixchilar va kitobxonlar uchun noyob manba bo‘lib, shoirning ijodiy olami bilan yaqindan tanishish imkonini beradi. Bu asar nafaqat mumtoz adabiyotga, balki o‘zbek madaniy merosining yangi qirralarini o‘rganishga katta hissa qo‘shadi.
Dilnoza Rustamova,
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat adabiyot muzeyi tayanch doktoranti