Qo‘qon mahallalarida bayram davom etmoqda
Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahar Nurafshon mahallasida do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlashga qaratilgan “Qo‘shnichilik –ming yilchilik” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy va madaniy tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda amaliy san’at va hunarmandchilik buyumlari ko‘rgazmalari tashkil etildi. "Jonli ustaxona" formatida gilamdo‘zlik, zargarlik, kulolchilik va yog‘och o‘ymakorligi kabi hunarmandchilik yo‘nalishlari namoyish qilinib, mehmonlarga o‘z qo‘llari bilan milliy bezaklar tayyorlash imkoniyati yaratildi.

Milliy o‘yinlar – "Oq terakmi – ko‘k terak", "Kuch sinash", "Arqon tortish", "Chillak", "Yurtim polvonlari" musobaqalari o‘tkazildi. Shuningdek, dorbozlar chiqishlari va "Varraklar sayli" tashkil qilindi.
"Navro‘z uchun 10 000 tabassum" xayriya aksiyasi doirasida yetim bolalar, nogironligi bor insonlar va kam ta’minlangan oilalarga sovg‘alar topshirildi.

Turli milliy- madaniy markaz vakillarining folklor-etnografik ansambllari badiiy chiqishlar qildi.
Mahalla aholisi uchun ehson tadbirlari tashkil etilib, uyidan chiqa olmaydigan bemorlar va keksa avlod vakillarining holidan xabar olindi.
Shuningdek, tadbirlar doirasida mahallalarda obodonlashtirish ishlari olib borildi, “Obod xonadon” mezonlari joriy etildi, qabriston va ziyoratgohlar tozalandi, aholi tomorqalaridan samarali foydalanish maqsadida tomorqalarga suv chiqarish ishlari olib borildi.
Muhammadjon Obidov, O‘zA