O‘zbekiston bozoriga skuterlar kirib kelganiga bir necha yil bo‘ldi. Dastlab ular chet mamlakatlardan olib kelingan. So‘nggi yillarda uni Qo‘qon erkin iqtisodiy zonasidagi “Bodo” kabi xususiy korxonalarda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
Ammo haligacha bu skuterlarga akkumulyator Xitoy va boshqa davlatlardan keltirilmoqda. Qo‘qon erkin iqtisodiy zonasida Navro‘z bayrami kunlari skuterlar uchun quvvat batareyalari – akkumulyatorlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

– 21 mln.dollar sarmoya kiritiladi loyihaga. Hozirgacha 11 mln.dollar o‘zlashtirildi va kuniga 1000 donadan skuter akkumulyatori ishlab chiqarish boshlandi, – deydi Hong Gong O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasi ish yurituvchisi Niyozullo Yusupov. – Kelasi oydan ishchilar soni 300 taga yetadi va ikki smenada ish tashkil etiladi.

Skuterlar orasida 500 kilogrammdan 1,5 tonnagacha yuk ko‘tara oladigan va tashiydiganlari bo‘lib, ularga turli quvvatdagi akkumulyatorlar kerak. “Hong Gong” qo‘shma korxonasida hozircha 7 turdagi skuterlarni harakatlantiruvchi batareyalar ishlab chiqarilmoqda. Qo‘rg‘oshin, filtr, yopishtirish suyuqliklari, boringki, akkumulyatorning barcha qismlari shu yerda tayyorlanadi. Xitoylik hamkorlar – yuqori malakali mutaxassislar mahalliy yoshlarga kasb o‘rgatmoqda.

– Qo‘qon erkin iqtisodiy zonasidagi investitsion muhit, soliq imtiyozlari haqida shu yerda ilgariroq korxona ochgan vatandoshlarimdan eshitgan edik, – deydi Ju Ji Fang. – O‘zbekiston bozorida skuter akkumulyatorlariga ehtiyoj katta ekan. Biz texnologiya olib keldik, o‘zbekistonlik tadbirkor bino-inshootlar qurdi. Mana, dastlabki mahsulotimizni ichki bozorga yuborishni boshladik.

Hali korxonada ishlab chiqarish bilan birga qurilish- montaj va jihozlarni sinash jarayoni ham davom etmoqda.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/7dQAj0XIWEI" title="Qoʻqon erkin iqtisodiy zonasida yangi akkumulyator zavodi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>– Hozir akkumulyatorlarning qutilari Xitoydan olinyapti. Biz zarur texnologik jihozlarni keltirib o‘rnatdik. Kelgusi oydan uni ishga solamiz. O‘shanda skuter akkumulyatorlari yuz foiz o‘zimizniki bo‘ladi, – deydi Niyozullo Yusupov.
“Hong Gong” korxonasi kelgusida o‘z mahsulotini eksport qilish choralarini ham ko‘rmoqda.
Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (surat, video),
O‘zA muxbirlari