“Qo‘qon” EIZda 34 ta loyiha ishga tushiriladi
Farg‘ona viloyatida joriy yilda hududiy investitsiya dasturi doirasida 12,1 trillion so‘mlik 893 ta loyiha amalga oshirilayotgan bo‘lib, 22 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratilmoqda.
Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, yangi loyihalarni tatbiq etishda kichik sanoat zonalari hamda “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasining o‘rni katta bo‘layotir. Hozirga qadar “Qo‘qon” EIZda ishga tushirilgan 46 ta sanoat korxonalari tomonidan 316,8 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilib, 7,2 million AQSH dollarilik eksport amalga oshirildi.

2021-2022 yillarda qo‘shimcha yana 116 million dollar miqdoridagi 34 ta istiqbolli loyiha foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Buning natijasida 5,3 mingta ish o‘rni yaratilib, 27 million dollarlik xorijiy kredit mablag‘i va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtiriladi.
Muhsinbek Abdurahimov muassis bo‘lgan “Kokand Bicycles” xususiy korxona mazkur zonada 2018 yilda ish boshlagan. Bundan avval tadbirkor velosipedlarni Qo‘qon shahridagi o‘z hovlisida yig‘ib kelgan edi. EIZda ish boshlagach, mahsulot ishlab chiqarish hajmi keskin o‘sdi. Xususan, birgina 2020 yilning o‘zida korxona MBF markasi ostida 170 mingtadan ziyod velosiped ishlab chiqargan. 200 nafar ishchi band bo‘lgan velosiped zavodi yil boshidan Qirg‘izistonga umumiy qiymati 700 ming AQSH dollariga teng eksportni amalga oshirgan.

“Great Kokand” ham “Qo‘qon” EIZda muvaffaqiyatli faoliyat olib borayotgan korxonalardan biri. Bu yerda mahsulotni tayyorlash uchun ishlatiladigan xom ashyoning 40 foizi mahalliylashtirilgan. Qurilish, to‘qimachilik hamda oziq-ovqat sanoati kabi tarmoqlarda talab yuqori bo‘lgan qadoqlash vositalari ishlab chiqariladi.
“Kokand Bicycles” zavodi kabi «Great Kokand” korxonasining o‘z mahsulotini Qirg‘izistonga eksport qilish ehtimoli bor. Gap shundaki, yaqinda “Qo‘qon” EIZda bo‘lgan Qirg‘izistonning Botken viloyatilik ishbilarmonlar zonada joylashgan qator korxonalar bilan hamkorlik borasida dastlabki kelishuvlarga erishgan.
M. Sulaymonov, O‘zA