Qo‘qon davlat pedagogika institutida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan “Biz bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida “Talabalikka bag‘ishlov” deb nomlangan adabiy-badiiy va ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Tadbirni institut rektori Dilnoza Xodjayeva ochib, mustaqilligimizning 33 yilligi hamda “Bilimlar kuni” munosabati bilan professor-o‘qituvchilar va yangi qabul qilingan talabalarni tabrikladi. U o‘z so‘zlarida yoshlarning yurt taraqqiyotida tutgan muhim o‘rniga alohida to‘xtaldi.

Hozirda Qo‘qon davlat pedagogika institutida 6 ta fakultet va 26 ta kafedra mavjud bo‘lib, kunduzgi bakalavriat, sirtqi ta’lim va magistratura yo‘nalishlarida tahsil olish imkoniyati yaratilgan. Institut qoshida tashkil etilgan 2 texnikum va 1 akademik litsey esa asosan institut uchun talabalikka tayyorlov vazifasini o‘tamoqda.

Institutda 16 mingdan ortiq talaba tahsil olmoqda va yangi o‘quv yilida ular safi yanada kengaydi.

Institut rektori Dilnoza Xodjayeva yoshlarning muhim ahamiyatiga to‘xtalar ekan, shunday dedi:
– Bugungi kunda yoshlar yurtimizning ravnaqi va taraqqiyotining tayanchiga aylangan. Yuqori salohiyatli, bilimli yoshlar har jabhada kuch-qudrat manbai bo‘ladi.

Tadbir davomida talabalarga faxriy yorliqlar va esdalik sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, taniqli san’atkorlar va iqtidorli talabalar ijro etgan milliy kuy-qo‘shiqlar va raqslar ishtirokchilarga bayramona kayfiyat ulashdi.
O‘zA