Ikkita odam yig‘ilgan davraga kirsangiz, gap mavzusi “Umra” safari haqida bo‘ladi. Kimdir ota-onasini safarga yuborishni niyat qilsa, kimlardir yaqin insonlari bilan borishni rejalashtirayotgani haqida gapiradi.
Talabga qarab taklif, deyilganidek, odamlarning qiziqishlari tufayli bugun safar xizmatlarini amalga oshiruvchi turoperatorlar ko‘paygandan ko‘paydi.
Afsuski, ularning barchasini ham odamlarga sifatli xizmat ko‘rsatadi, deb bo‘lmaydi. Odamlar soxta turoperatorlardan qancha ogohlikka chaqirilmasin, baribir ular orasida safarga otlanganlarni chuv tushiradigan “shovvoz”lar uchrab turibdi. Ular odamlarni qiziqtirish uchun tarmoqqa turli reklama xabarlarni joylashtirib, mijoz yig‘ish bilan ovora.
Qing‘ir ishning qiyig‘i qirq yilda emas, qirq kunda ma’lum bo‘lishi hech kimga sir emas. Raqobat qo‘mitasi “Umra” tadbirini tashkil etish va o‘tkazishga oid reklamalarning qonuniyligini o‘rganib, qo‘shtirnoq ostida faoliyat yuritayotgan bir nechta turoperatorlar faoliyatiga chek qo‘yilishiga sababchi bo‘ldi.
O‘rganishlar natijasida, Buxoro, Jizzax viloyatlari va Toshkent shahar hududiy boshqarmalari tomonidan, jami 4 ta ("Nature Travel", "Muslim Fayzi Obod", "Al-Bukhayr Travel Tours", "Naqqosh Tour" MCHJ) turoperatorlar tomonidan litsenziya hujjatlari mavjud bo‘lmagan holda reklamalar joylashtirilganligi ma’lum bo‘ldi. Bu bilan “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning talablari buzilganligi yuzasidan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, yakunlari yuzasidan moliyaviy jarimalar qo‘llanildi.
Shuningdek, Qo‘mitaning Farg‘ona viloyati va Toshkent shahar hududiy boshqarmalari tomonidan, jami 11 ta ("Al Qaswa Ihlos", "Umra qumtepa", "Marg'ilon Umra ziyorati", "Farg'ona Umra 2022", "Fayz Turizm", "Ziyorotul_Umra", "Sux_Haj Umra ziyorati", "Buxoriy Tour", "Yuksak Travel Farg'ona Umra") telegram kanallari ma’murlari hamda "Emir Voyega" MCHJ tomonidan berilgan reklamalarda ham yuqoridagi kabi qonunchilik talablari buzilishi yuzasidan mansabdor shaxslari ma’muriy javobgarlikka tortildi.
Ushbu o‘rganish yakunlari yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rilishi ta’minlanadi.
Qo‘mita tomonidan reklama axborotlarini qonunchilik talablariga mosligi yuzasidan o‘rganish ishlari davom ettirilmoqda.
N.Rahmonova, O‘zA