Qonunni bilgan yosh — huquqini anglagan shaxs
Huquqiy madaniyat oiladagi tarbiya, ta’lim muassasasidagi saboq va jamiyatdagi munosabatlar orqali shakllanadi. Qonunni bilish, o‘z huquq va erkinliklarini anglash, boshqalarning haq-huquqlarini hurmat qilish insonning hayotda to‘g‘ri yo‘l tanlashida muhim o‘rin tutadi. Ayniqsa, axborot oqimi jadallashgan, internet va ijtimoiy tarmoqlar yoshlar hayotining ajralmas qismiga aylangan bugungi kunda ularni huquqiy bilimlar bilan qurollantirish, turli xavf-xatarlardan ogoh etish tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Zero, o‘z huquqini bilgan yosh aldovga osongina uchmaydi, qonunga zid xatti-harakatlarning oqibatini anglaydi, muammoli vaziyatlarda esa hissiyotga berilmasdan, qonuniy yechim izlashga intiladi. Shu ma’noda, mamlakatimizda yosh avlodning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan ta’limiy-ma’rifiy tadbirlar kelajak uchun muhim sarmoyadir.
Davlat rahbari tashabbusi bilan inson qadri, huquq va erkinliklarini ta’minlash, qonun ustuvorligini mustahkamlash hamda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotgani bu boradagi ishlarning mazmun-mohiyatini belgilab bermoqda. Bunda huquqiy bilimni faqat qonunlar matni bilan tanishish darajasida qoldirmay, uni kundalik hayotda qo‘llay oladigan, o‘z huquqini himoya qilish bilan birga o‘z burchini ham teran anglaydigan avlodni tarbiyalash muhim vazifadir. Ana shu maqsad yo‘lida mamlakatimiz bo‘ylab tashkil etilayotgan “Ombudsman soati” darslari yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish, ularda inson huquqlariga hurmat tuyg‘usini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Navbatdagi ana shunday mashg‘ulot Buxoro shahridagi 29-sonli umumta’lim maktabida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili Abera Huseynova tomonidan o‘tkazildi.

Mashg‘ulotning e’tiborli jihati shundaki, u odatiy ma’ruza shaklida emas, balki zamonaviy ta’lim usullari asosida, videodarslar, ochiq muloqot va hayotiy misollar uyg‘unligida tashkil etildi. Bu esa o‘quvchilarga huquqiy tushunchalarni shunchaki eshitish emas, balki ularning hayotdagi ahamiyatini anglash, turli vaziyatlarni tahlil qilish va mustaqil fikr yuritish imkonini berdi.
Dars davomida o‘quvchilar inson huquq va erkinliklari, ularning qonuniy kafolatlari, huquqlar buzilgan hollarda himoya mexanizmlaridan foydalanish imkoniyatlari haqida ma’lumot oldilar. Shuningdek, har bir insonning huquqlari bilan bir qatorda, boshqalar oldidagi mas’uliyati va qonunlarga rioya etish majburiyati ham borligi tushuntirildi. Chunki huquqiy madaniyat faqat o‘z haqini talab qilishdan iborat emas. U boshqalarning qadr-qimmati, sha’ni, erkinligi va qonuniy manfaatlarini hurmat qilishni ham anglatadi. O‘zgalarning huquqini hurmat qilgan insongina jamiyatda adolat va o‘zaro ishonch qaror topishiga hissa qo‘sha oladi.
Bugungi yoshlar bilim olish, muloqot qilish va dunyoqarashini kengaytirish uchun internetdan faol foydalanmoqda. Biroq raqamli imkoniyatlar bilan birga kiberfiribgarlik, shaxsiy ma’lumotlarning tarqalib ketishi, soxta havolalar, internet orqali tazyiq va boshqa huquqbuzarliklar xavfi ham mavjud. Shu bois “Ombudsman soati”da kiberjinoyatchilikdan himoyalanish, internet va ijtimoiy tarmoqlardan xavfsiz foydalanish, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda turli salbiy ta’sirlarga tushib qolmaslik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Hayotiy misollar asosida berilgan tushuntirishlar orqali o‘quvchilar raqamli makonda ham qonun-qoidalarga amal qilish, shaxsiy ma’lumotlarni ehtiyotlash, notanish shaxslarga ishonch bildirishda hushyor bo‘lish, shubhali xabar va havolalarga aldanmaslik muhimligini anglash imkoniga ega bo‘ldilar.

Eng muhimi, internetda sodir etilgan xatti-harakatlar ham muayyan huquqiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini yoshlar tushunib yetishi zarur. Virtual olamdagi haqorat, tahdid, firibgarlik yoki boshqa shaxsning shaxsiy daxlsizligiga tajovuz qilishni oddiy hazil yoki beparvolik bilan oqlab bo‘lmaydi. Har bir harakat uchun mas’uliyat borligini anglash esa huquqbuzarliklarning oldini olishda muhim ahamiyatga ega.
Mashg‘ulot davomida o‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar, mavzu yuzasidan fikr almashdilar. Bunday ochiq muloqotning ahamiyati shundaki, bola o‘zini qiziqtirgan masalani erkin so‘rash, turli fikrlarni tinglash va mustaqil xulosa chiqarishni o‘rganadi. Zero, huquqiy savodxonlik bir kunlik tadbir yoki bir soatlik dars bilan cheklanmaydi. U muntazam bilim olish, hayotiy vaziyatlarni to‘g‘ri baholash, qonunlarga hurmat bilan munosabatda bo‘lish orqali shakllanadi. Shuning uchun ham maktab, oila va jamoatchilikning bu boradagi hamkorligi muhimdir.
O‘quvchi bugun o‘z huquqini anglasa, ertaga muammoga duch kelganda qayerga murojaat qilishni, qanday qonuniy yo‘l tutishni va o‘z manfaatlarini qay tarzda himoya qilishni bilib boradi. Bu esa nafaqat uning shaxsiy xavfsizligi, balki jamiyatda huquqiy madaniyat va fuqarolik mas’uliyatini mustahkamlashga ham xizmat qiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri