"Qonunlar soni emas, sifati muhim": Sanches Yevropa uchun yangi yondashuvni ilgari surdi
Yevropa Ittifoqida iqtisodiyotni rag‘batlantirish uchun qoidalarni qisqartirish haqidagi bahslar kuchayib borayotgan bir paytda Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches boshqacha pozitsiyani ilgari surdi. U raqobatbardoshlikni oshirishning yagona yo‘li tartiblarni kamaytirish emasligini ta’kidladi. Uning fikricha, masala qonunlar sonida emas, ularning sifati va samaradorligida.
So‘nggi ikki yilda Yevropa Komissiyasi biznes uchun byurokratik yukni yengillashtirish maqsadida bir qator islohot paketlarini ishlab chiqdi. Bryussel hisob-kitoblariga ko‘ra, bu choralar kompaniyalar xarajatlarini milliardlab yevroga qisqartirish imkonini bergan. Tanqidchilar ayrim o‘zgarishlar ekologik talablar va ijtimoiy kafolatlarni zaiflashtirishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda. Ayniqsa, korporativ barqarorlik hisobotlariga oid talablarni yumshatish shunday bahslarga sabab bo‘ldi.
Sanches Yevropa iqtisodiyoti kuchli bo‘lishi bilan birga ijtimoiy himoyani ham saqlab qolishi shartligini urg‘uladi. U Ispaniya tajribasini misol qilib keltirib, iqtisodiy o‘sish va tengsizlikni kamaytirish bir vaqtning o‘zida amalga oshirilishi mumkinligini qayd etdi. Shuningdek, mamlakat “yashil” energetikaga o‘tish jarayonini raqobatbardoshlikni yo‘qotmasdan davom ettirayotganini ta’kidladi. Bu orqali u iqtisodiy o‘sish va ijtimoiy mas’uliyat bir-biriga zid tushunchalar emasligini ko‘rsatishga harakat qildi.
Mazkur bahs Yevropa siyosatidagi yanada kattaroq o‘zgarishlarning bir qismi hisoblanadi. Ekspertlar fikricha, so‘l qarashdagi siyosiy kuchlar so‘nggi yillarda ko‘plab davlatlarda pozitsiyalarini boy bermoqda va yangi dasturiy g‘oyalar izlamoqda. Ular arzon uy-joy, sifatli ish o‘rinlari, toza energiya, oziq-ovqat xavfsizligi va raqamli gigantlar ustidan kuchliroq nazorat kabi masalalarni kun tartibiga chiqarmoqda. Sanchesning chiqishi ham aynan shu muhokamalar fonida Yevropa kelajagi qanday bo‘lishi kerakligi haqidagi tortishuvlarni yanada qizitdi.
Musulmon Ziyo, O‘zA