Ma’lumki, Ona zaminimizning har bir qarichi aziz. Undan oqilona foydalanish, uni asrab-avaylash va kelgusi avlodlarga munosib holatda yetkazish bugungi kunda eng dolzarb vazifalardan biridir. Zero, yer – xalqimiz farovonligi va mamlakatimiz taraqqiyotining poydevoridir.
Shu bois Kadastr agentligi tomonidan respublika hududlarida muntazam nazorat tadbirlari olib borilib, yer resurslaridan maqsadli va samarali foydalanish qat’iy nazoratga olingan.
O‘tkazilgan tekshiruvlar davomida birgina joriy yilning sakkiz oyi mobaynida 42 mingdan ortiq (3 ming gektardan ziyod) yer uchastkasini o‘zboshimchalik bilan egallash holatlari fosh etildi. Bu raqamlar bejiz emas – ular yerga bo‘lgan mas’uliyatni kuchaytirish zarurligini yaqqol ko‘rsatmoqda.
Qishloq xo‘jaligi yerlari, aholi punktlari, sanoat, transport va mudofaa sohalariga mo‘ljallangan hududlar, hatto tarixiy-madaniy ahamiyatga ega joylar ham noqonuniy egallangan maydonlar orasida borligi e’tiborni tortadi.
— Eng quvonarlisi, agentlik tomonidan berilgan yozma ko‘rsatmalar asosida 29 052 holat (1,4 ming gektardan ziyod) ixtiyoriy ravishda bartaraf etildi, – deydi Kadastr agentligi yer va kadastr nazorati boshqarmasi boshlig‘i Said Saidov. — Shu bilan birga, qonunga zid ravishda qurilgan inshootlarni buzdirish uchun sudlarga 10 078 ta da’vo arizalari kiritildi, jinoyat alomatlari bo‘lgan 1 232 ta ish hujjatlari esa prokuraturaga yuborildi. Nazorat tadbirlari jarayonida yana bir muhim jihat – yer uchastkalaridan maqsadsiz foydalanish bilan bog‘liq 7 674 ta holat qayd etilib, natijada 15 ming gektardan ortiq yerlar davlat zaxirasiga qaytarildi.
Bu raqamlarning ortida mehnat, qat’iyat va yurt kelajagiga bo‘lgan mas’uliyat mujassam. Chunki har bir qaytarilgan qarich yer – xalq farovonligi, qishloq xo‘jaligi rivoji, yangi imkoniyatlar demakdir.
Yerga bo‘lgan e’tibor aslida kelajakka bo‘lgan e’tibordir. Kadastr agentligi tomonidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar ham aynan shu ulug‘ maqsadga – zaminimizni asrab-avaylash va undan oqilona foydalanishni ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Sh.Mamaturopova, O‘zA