Qonunchilikdagi yangiliklar yoshlarga tushuntirildi
Toshkent davlat transport universitetida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari ishtirokida “Deputat va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda ishtirok etgan “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Farida Bo‘tayeva yoshlarni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va fraksiyalar faoliyati, qonunlar va ularni tayyorlash, qabul qilish jarayoni bilan tanishtirdi.

Tadbirda shuningdek, Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgarishlar xususida to‘xtalib o‘tildi. Yangi tahrirda qabul qilingan Mehnat kodeksi mazmun-mohiyati haqida batafsil ma’lumot berildi. Deputatlik mas’uliyati, saylovchilar oldidagi majburiyatlari haqida yoshlarga so‘zlab berildi.
Bundan tashqari, uchrashuvda yurtimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga munosib ta’lim-tarbiya berish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumotlar berildi.

– bugungi yoshlarimiz yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, o‘qishi, o‘rganishi, ayni o‘zgarishlar jarayonida faol qatnashmog‘i lozim, – dedi F.Bo‘tayeva. — Avvalo o‘z xalqini, Vatanini sevishi, milliy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimizni asrab-avaylashi kerak. Ana shundagina Vatanga sodiq va munosib farzand sifatida kamolga yetadi.
Uchrashuv davomida yoshlarning qator savol va murojaatlariga ham javob qaytarildi. Tadbirda faol ishtirok etgan talabalarga esdalik sovg‘alari taqdim etildi.
M.Komilova, O‘zA