Qonunchilikdagi yangiliklar targ‘ibotiga bag‘ishlandi
Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan hududdagi eksport faoliyati bilan ajralib turuvchi korxonalarni o‘rganish, ularning tashqi iqtisodiy aloqalarini yanada rivojlantirish va bojxona jarayonlarida ko‘maklashish maqsadida qator tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, “ARTEL ELECTRONICS MANUFACTURING” MCHJning Buxoro shahridagi filialida viloyat bojxona boshqarmasi mas’ullari tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi. Tadbir davomida korxonaning ishlab chiqarish va eksport yo‘nalishidagi salohiyati batafsil tahlil qilindi.

Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida mazkur korxona tomonidan umumiy qiymati 8 million AQSH dollariga teng bo‘lgan elektronika va maishiy texnika buyumlari eksporti bojxona rejimi asosida rasmiylashtirilgan.
Loyiha qiymati 80 million dollarni tashkil etadigan mazkur korxona yiliga 3,3 million dona maishiy texnika ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lib, bugungi kunda Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Rossiya kabi davlatlarga eksportni yo‘lga qo‘yib ulgurgan. Bu esa nafaqat korxonaning o‘z salohiyatini namoyon etmoqda, balki Buxoro viloyatining umumiy eksport hajmini oshirishga ham xizmat qilmoqda.
Shuningdek, Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan seminarda viloyatda faoliyat yuritayotgan tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Tadbirning asosiy maqsadi – tadbirkorlarga bojxona qonunchiligiga kiritilgan so‘nggi o‘zgartirish va yangiliklarni tushuntirish, ularning amaliyotda qo‘llanilishini osonlashtirishga ko‘maklashishdan iborat.

Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentning 2025 yil 18 apreldagi “Ishlab chiqarish, eksport va tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirish, savdo va sanoat siyosati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 19 apreldagi qaroriga muvofiq belgilangan bojsiz olib kirish tartiblariga oid ma’lumotlar taqdim etildi.
Shuningdek seminarda, “Bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimining imkoniyatlari ham batafsil tushuntirildi. Mazkur rejim eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarish jarayonlarini rag‘batlantirishga qaratilgan bo‘lib, xorijiy bozorlar bilan aloqalarni kengaytirish uchun keng yo‘l ochadi.
Bu kabi tadbirlar bojxona organlari va tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasidagi ochiq muloqotni mustahkamlash, qonunchilikdagi yangiliklarni amaliyotga samarali joriy etishga xizmat qilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.