Qonunchilik palatasi deputati talabalar bilan uchrashdi
Navoiy davlat pedagogika institutida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Aqshagul Tulegenova ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.
O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasidan saylangan mahalliy Kengashlar deputatlari, partiya faollari va talabalar ishtirok etgan tadbirda tadbirkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, yaratib berilayotgan sharoit va imtiyozlar, Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yilida rejalashtirilayotgan chora-tadbirlar haqida so‘z yuritildi.
Tadbirda mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, aholi manfaatlarini ta’minlash, buning uchun barcha imkoniyatlardan foydalanish asosiy vazifalardan biri ekanligi ta’kidlandi.
[gallery-15665]
Ta’kidlanganidek, 2023 yilda yurtimizda “Inson qadrini ulug‘lash” g‘oyasi asosida ulkan o‘zgarishlar ro‘y berdi. Barcha sohalarni yanada rivojlantirish, bu borada huquqiy asoslarni mustahkamlashga qaratilgan muhim hujjatlar qabul qilindi. Jumladan, yakunlangan yilda Qonunchilik palatasi tomonidan 100 ta qonun qabul qilinib, senatga yuborildi. 20 marta hukumat a’zolari va davlat organlari rahbarlarining axboroti eshitilgan bo‘lsa, mansabdor shaxslarga 15 ta parlament so‘rovi, 134 ta deputat so‘rovi yuborilgan.
– Joriy yilda iqtisodiyotimizga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, tadbirkorlik va xususiy mulk uchun imkoniyatlar yanada kuchaytiriladi, – deydi Qonunchilik palatasi deputati A.Tulegenova. – Ilm-fan, innovatsiya, IT kabi sohalar, “yashil” va raqamli texnologiyalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi. Yangi ish o‘rinlari tashkil etish, aholi daromadlarini oshirish, xotin-qizlar va nuroniylar, yordamga muhtoj insonlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qonun hujjatlari ishlab chiqariladi. Shuningdek, ijtimoiy sohalar rivoji yangi bosqichga ko‘tariladi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari