Qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilgan
Buxoro viloyat sudi tashabbusi bilan viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi binosida sog‘liqni saqlash boshqarmasi bilan hamkorlikda “Mehnatga oid munosabatlarni tartibga solish, bunda mehnat nizolariga sabab bo‘layotgan holatlar, ushbu nizolarni adolatli hal qilish va kelgusida oldini olishga qaratilgan aniq chora-tadbirlarni belgilash masalalari”ga bag‘ishlangan amaliy seminar tashkil etildi.
Seminarda Kasaba uyushmalari Federatsiyasi viloyat Kengashi mas’ullari, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tarkibiga kiruvchi barcha tibbiyot muassasalari xodimlar bo‘limi mutaxassislari, kasaba uyushmasi raislari, huquqshunoslar hamda tibbiyot xodimlari qatnashdi.

Buxoro viloyati sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudlari tomonidan 2023 yilda jami ko‘rilgan mehnat nizolari da’vo tartibda 615 tani (shundan qanoatlantirilgan 415 ta), sud buyrug‘i tartibida 102 tani tashkil qilsa, bu ko‘rsatgich 2024 yilda 829 ta da’vo tartibida (shundan qanoatlantirilgani 583 ta), 328 ta buyruq tartibida tashkil qilgan.
Ko‘rilgan mehnat nizolari bo‘yicha 2023 yilda qanoatlantirilgan talablar bo‘yicha 9.155.223.675 so‘m ish haqi, 91.294.210 so‘m majburiy progul uchun haq, 1.308.779.421 so‘m ma’naviy zarar va ish yakuni bo‘yicha 524.457.287 so‘m davlat boji undirish belgilangan. Sud buyrug‘i tartibida 2023 yilda 10.549.125.724 so‘m, 2024 yilda 9.439.702.725 so‘m ish haqi undirilgan.

Viloyat sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudlari tomonidan ish beruvchilarning g‘ayriqonuniy qarorlari natijasida ishdan bo‘shatilgan xodimlarning 2023 yilda 95 tasi o‘z ishiga tiklangan bo‘lsa, bu ko‘rsatgich 2024 yilda 115 ta xodimni tashkil qiladi.
– Mazkur statistik tahlillarga e’tibor bersak, viloyatimizda mehnat nizolarining dinamikasi ishga tiklash nizolari (2023 yilda 159 tadan 2024 yilda 194 taga) hamda ish haqi undirish haqidagi nizolari (2023 yilda 295 tadan, 2024 yilda 478 taga)ning o‘sib borayotganini ko‘rsatmoqda, – deydi viloyat sudi raisining o‘rinbosari, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Nodirbek Fayziyev.

Seminarda mazkur statistik ma’lumotlar viloyatda bunday nizolar soni oshganligi, ushbu toifadagi qonunchilikni qo‘llashda, xodimlarni ishdan bo‘shatish, boshqa ishga o‘tkazish va shunga o‘xshash mehnat munosabatlarini rasmiylashtirishda muayyan qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilayotganligi e’tirof etildi.
Seminarda barcha masalalar atroflicha muhokama qilindi va fikr-mulohazalar, takliflar tinglandi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri