Biz islohotlarimizning ilk kunlaridanoq inson qadrini ulug‘lashni eng oliy qadriyat sifatida e’tirof etdik. Yangilangan Konstitutsiyamizda ham O‘zbekiston huquqiy davlat ekanligini muhrlab qo‘ydik. Yagona maqsadimiz – adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash orqali xalqimizni rozi qilish.
Shavkat Mirziyoyev
Darhaqiqat, har qanday mamlakatda qonun ustuvorligini ta’minlash - adolat mezonining muhim sharti hisoblanadi. Qolaversa, Prezidentimiz alohida ta’kidlaganlaridek, “...adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash orqali xalqimizni rozi qilish”, bu shunchaki istak emas, balki “...Yagona maqsadimiz”dir. Aynan, ushbu maqsad xalqimiz tomonidan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini ishlab chiqish va qabul qilinishiga muhim omil bo‘lib xizmat qildi.
Joriy yilning 30-aprel kuni – umumxalq ovoz berish orqali qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga roppa-rosa 1-yil to‘ladi.
Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi – mamlakatimizning Asosiy Qonunidir. Shuning uchun ham barcha qonunlar, jumladan, Oliy Majlis palatalarining qarorlari, shuningdek, Respublika Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, hukumat, mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi davlatlararo sharnomaviy va boshqa majburiyatlari Konstitutsiyaga muvofiq bo‘lishi zarur. Nihoyat, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari ham O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga zid bo‘lmasligi talab etiladi. Qonun ustuvorligi prinsipining buzilishi jamiyatda turli adolatsizliklarni keltirib chiqarishi mumkin.
Shuni ham alohida ta’kidlash joizki, ayrim qonunlar va ularning ijrosi har doim ham adolatli bo‘lavermaydi. Bu bizga tarixdan ma’lum bo‘lgan haqiatdir. Adolatsizlikka olib kelishi mumkin bo‘lgan qonunlarni muntazam ravishda nazorat qilib turish uchun ishonchli nazorat omillari bo‘lishi talab etiladi. Va, tabiiyki, bunday nazorat hokimiyatning qonun chiqaruvchi va ijro tarmoqlari tomonidan ta’minlanishi zarur. Demak, qonun va uning ijrosi adolatli ekanligiga shubha paydo bo‘lsa, avvalo, bu narsa ular tomonidan hal etilmog‘i shart. Bevosita qonunchilik va uning ijrosi bilan mashg‘ul bo‘ladigan davlat organlaridan tashqari, nazorat va reviziya-taftish organlari ham mavjud. Qonun va ijroning adolatsizligi to‘g‘risidagi ariza va shikoyatlar ular tomonidan ma’muriy tartibda ko‘rib chiqiladi. Natijada qonun qayta ko‘riladi yoki ijroning salbiy oqibatlari bartaraf etiladi. Shunday bo‘lsada, amaliyotdan shu narsa ma’lumki, qonun chiqaruvchi yoki ijro hokimiyatining qarorlari har doim ham adolatli bo‘lavermaydi. Ular har doim ham arizachi yoki shikoyatchini qoniqtirmasligi mumkin. Bunday paytda fuqaroning huquq va erkinliklari buzilsa, qarorlar ustidan sudga arz qilish zarurati tug‘iladi. Bahsli vaziyatni hal etish uchun sud jarayoni boshlanadi. Chunki qaror va faoliyat jabhasida hech kim sud hukmidan chetda qolishi (ozod bo‘lishi) mumkin emas. Faqat sud organi adolat masalasini hal etib beradi. Ta’kidlash joizki, sud yurisdiksiyasi har doim ham bahsli masalani ma’muriy tartibda ko‘rib chiqilishini talab etavermaydi.
Sud yurisdiksiyasi o‘zining asriy tarixiga ega. U xuddi bahs-munozara, kelishmovchilik, ayrim shaxslar va guruhlar, tabaqalar o‘rtasidagi ziddiyatlar kabi qadimiydir.
O‘tgan asrning 90-yillariga qadar totalitar rejim sharoitida O‘zbekiston qonunchiligida konstitutsiyaviy yurisdiksiya to‘g‘risida eslatilmagan. O‘sha turg‘unlik zamonlarida chop etilgan darsliklarda, yuridik qomuslarda va boshqa adabiyotlarda konstitutsiyaviy yurisdiksiya haqidagi tushunchaning o‘zi yo‘q bo‘lgan desak, ko‘pchilik uchun yangilik bo‘lishi mumkin. Eng qizig‘i, o‘sha vaqtlarda “Barcha sho‘ro sudlari konstitutsiyaviydir, demak ularning yurisdiksiya faoliyati ham konstitutsiyaviydir”, degan safsatani tez-tez eshitish mumkin bo‘lgan.
Agar, tarixga murojaat qiladigan bo‘lsak, xorijiy mamlakatlarda konstitutsiyaviy nazorat instituti ancha yillar oldin paydo bo‘lganligiga guvoh bo‘lamiz.
Masalan, okean orti mamlakati bo‘lmish Amerika Qo‘shma Shtatlarida 1803-yilda Merberining Medisonga qarshi ko‘rilgan ishi konstitutsiyaviy yurisdiksiyaning, hozirgi zamon tushunchasidagi qonunlar ustidan konstitutsiyaviy nazoratning boshlanishi deb e’tirof etiladi. Agar Kongress tomonidan qabul qilinadigan qonunlar AQSH Konstitutsiyasiga zid bo‘lsa, ijro etilmasligi mumkinligini o‘shanda AQSH Oliy sudi birinchi marta tan olgan edi. Bundan tashqari, XVII asrdayoq Buyuk Britaniyada faoliyat ko‘rsatadigan Maxfiy kengash koloniyalarda (mustamlaka o‘lkalarda) qabul qilinadigan qonuniy aktlarni nazorat etib turardi. Agar ular Buyuk Britaniya qonunlariga zid deb topilsa bekor qilar edi.
Oliy hokimiyat organlari yoki davlat hokimiyatinig yuqori mansabdor shaxslari tomonidan qabul qilingan ayrim qonunlarning sud hukmi bilan bekor qilinganiga tarixda boshqa misollar ham bor. Masalan, XVII asrda yashab o‘tgan Germaniya imperatori Ferdinand I lotincha: “Dunyo kunpayakun bo‘lib ketsa ham odil sud tantana qiladi”, degan shiorga amal qiladi. Bu degani – odil sud va adolat shak-shubhasiz qonunlardan ham ustuvor mavqega ega degan ma’noni anglatadi.
1740-1786-yillarda Prussiyaning qiroli bo‘lgan Fridrix II Potsdamda, Sitselenxof saroyi yonida (bu yerda 1945-yili AQSH, Buyuk Biritaniya va SSSR rahbarlari uchrashgan edi) muhtasham koshona barpo ettiradi va koshona yaqinida ishlab turgan tegirmonni to‘xtatib qo‘yish to‘g‘risida farmon chiqaradi. Tegirmonchi qirolni sudga beradi va qirolning adolatsiz farmonini bekor qilinishiga erishadi.
Ko‘rib turganingizdek, Konstitutsiyaviy yurisdiksiyaning tarixi olis o‘tmishga borib taqaladi. O‘z-o‘zidan ravshanki, sudlar tomonidan muammolarni hal etish qoidalari va shakllari doim takomillashib, ixtisoslashib borgan.
XX asrning so‘nggi o‘n yili huquq tarixiga jahon hamjamiyati a’zolarining konstitutsiyaviy dunyoqarashida, davlat tuzumida chuqur sifat o‘zgarishlar yuz bergan davr bo‘lib kirdi, deb aytishga bugun barcha assoslar yetarli. Hozir dunyoning 70 dan ortiq mamlakatida rasmiy ravishda konstitutsiyaviy yurisdiksiya mavjud. Ularning vazifasini faqat sudlar emas, balki qo‘mitalar, komitetlar, kengashlar, hay’atlar kabi maxsus davlat organlari zimmasiga ham ma’suliyat yuklatilgan. Ayrim mamlakatlarda bu funksiyani bir nechta organ bajaradi. Masalan, Fransiyada qonunlarning konstitutsiyaviyligini Konstitutsiyaviy kengash tomonidan nazorat qilinsa, huquqiy aktlarning konstitutsiyaviyligini ijro hokimiyati – Davlat kengashi nazorat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasida konstitutsiyaviy yurisdiksiyani paydo bo‘lishi o‘tgan asrning 90-yillariga borib taqaladi. O‘shanda, konstitutsiyaviy nazoratni amalga oshirish Konstitutsiya nazorat Qo‘mitasining zimmasiga yuklatilgan edi. 1992-yilda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mamlakat Konstitutsiyaviy sudini ta’sis etish nazarda tutildi.
Shu o‘rinda eslatib o‘tish joiz, lotin tilidagi “yurisdiksiya” iborasi “sud ishi” degan ma’noni anglatadi. Sud ishida esa tomonlarning vakillari ishtirok etadi. Yani, qonun aktini e’lon qilgan organ ham, o‘sha qonun aktining konstitutsiyaviy ekaniga e’tiroz bildirayotgan organ yoki shaxs ham sud ishida qatnashadi.
Qanday sud konstitutsiyaviy yurisdiksiyani amalga oshirishiga qarab, bir necha tizimlarga ajratiladi.
AMERIKA tizimida konstitutsiyaviy yurisdiksiyani umumiy sudlar amalga oshiradi. AQSH, Argentina, Gretsiya, Norvegiya va Yaponiyada har qanday sud ish jarayonida qonun yoki qonuniy aktni muayyan vaziyatda qo‘llashi yoki uni e’tiborga olmasdan, nokonstitutsiyaviy deb tan olishi mumkin. Yani, har qanday sud konstitutsiyaviy nazorat o‘rnatish vakolatiga egadir. Avstraliyada, Hindistonda, Maltada va boshqa bir qator mamlakatlarda bunday vakolatga faqat Oliy sud ega xolos.
EVROPA tizimida konstitutsiyaviy yurisdiksiyani amalga oshiradigan maxsus ixtisoslashgan sud muassasalari ta’sis etilgan. Rossiya Federatsiyasi, Italiya, Kolumbiya, Ruminiya, Chexiya, Slovakiya va boshqa mamlakatlardagi Konstitutsiyaviy sudlar, Germaniyadagi Federal konstitutsiyaviy sud, Braziliyadagi Federal Oliy tribunal, Misrdagi Oliy Konstitutsiya sudi, Polshadagi Konstitutsiyaviy tribunali va Oliy ma’muriy sud shular jumlasidandir.
Shuningdek, Germaniyada joylarda mahalliy konstitutsiyaviy sud muassasalari, Rossiyada esa Federatsiya subektlarida konstitutsiyaviy yoki nizomiy sudlar faoliyat ko‘rsatadi. Ayni chog‘da bu mamlakatlardagi federal konstitutsiya sudlari apellyatsiya instansiyasi vazifasini bajarmaydi, faqat federal qonunlar buzilgan taqdirdagina shikoyatlarni ko‘rib chiqadi, xolos.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi va Qoraqalpog‘iston Respublikasining konstitutsiyaviy nazorat Qo‘mitasi ham Yevropa tizimiga mos keladi.
Yurisdiksiyaning aralash tizimiga Kosta-Rika Oliy sudining konstitutsion palatasini, Estoniya Davlat sudining konstitutsiyaviy nazorat bo‘yicha sud hay’atini va boshqalarni misol qilib keltirish mumkin. Bu mamlakatlarda konstitutsiyaviy yurisdiksiyani oliy sudlarning butun tarkibi emas, faqat ayrim bo‘limlari amalga oshiradi.
Keyingi o‘n yilliklar mobaynida ijtimoiy taraqqiyot sur’ati tezlashib ketgani bois konstitutsiyaviy yurisdiksiya va uni amalga oshiradigan davlat organlari tobora takomillashib bormoqda. Keyingi paytlardagi tendensiyalar konstitutsiyaviy yurisdiksiyani ijobiy ahamiyatining kun sayin ortib borayotganini ko‘rsatib turibdi. Uning faoliyati davlat tizimi tomonidan zamonaviy adolatli huquqni hayotga tadbiq etish imkoniyatini berayapti.
Aytmoqchi, “amerika tizimi” yoki “yevropa tizimi” deganda faqat muayyan jug‘rofiy xududlarda amal qilinadigan konstitutsiyaviy yurisdiksiyani tushunmaslik kerak. Bu atamalar nisbiy bo‘lib, masalan, Gretsiya va Yaponiya kabi mamlakatlarda “amerika tizimi” joriy etilgan bo‘lsa, Kolumbiya va Braziliyada (ya’ni Amerika qit’asida joylashgan ) “yevropa tizimi” amal qiladi. Ya’ni, har bir mamlakat o‘ziga xos va o‘ziga mos konstitutsiyaviy yurisdiksiya tizimini tanlaydi. O‘zbekiston Respublikasi o‘z konstitutsiyaviy maqsadlaridan kelib chiqib “yevropacha” konstitutsiyaviy yurisdiksiya tizimini tanlagan.
O‘tgan davr mobaynidagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining faoliyati tahlilidan uning ishida quyidagi asosiy yo‘nalishlarni kuzatish mumkin:
- konstitutsiyaviy yurisdiksiya mohiyatini teran o‘rganish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida Konstitutsiyaviy sudning rolini oshirish borasidagi chora-tadbirlarni hayotga joriy qilish;
- qonunlarni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlarini, Vazirlar Mahkamasining qarorlarini, mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlarining, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarining normativ hujjatlarini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi talablariga mos kelish-kelmasliklarini tekshirib berish maqsadida doimiy ravishda o‘rganib borish;
- O‘zbekiston Respublikasi davlatlararo shartnomaviy va boshqa majburiyatlarining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlash maqsadida ularni o‘rganish;
- konstitutsiyaviy sudlov ishlarini yuritish amaliyotini umumlashtirish natijalari yuzasidan axborot tayyorlash;
- qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan Oliy Majlisga takliflar kiritish, qonun loyihalarini o‘rganish va ular haqida ogohlantiruvchi maslahatlar berish;
- jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirishga munosib hissa qo‘shish;
- xorijiy konstitutsiyaviy sudlar va ekvivalent institutlar faoliyat bilan yaqindan tanishish va ular to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘rganish hamda undan ijobiy foydalanish.
Yuqorida aytib o‘tilgan barcha yo‘nalishlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudida muayyan ishlar olib borilmoqda. Oliy Majlis palatalari, Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman); Oliy sud, Bosh prokuratura va boshqa huquqni muhofaza qilish organlari bilan aloqalar o‘rnatilgan. Qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlar hujjatlarining, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlari hujjatlarining konstitutsiyaviyligini tekshirish yuzasidan taxliliy ishlar olib borilmoqda.
Shunga qaramasdan mamlakatimizda tobora chuqurlashib borayotgan demokratik islohotlar davrida Konstitutsiyaviy sud faoliyatini yanada takomillashtirish va uning vakolatlarini yanada kengaytirish zaruratini bugungi real vaqtning o‘zi taqazo etmoqda desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Chunki, mamlakatimizda Konstitutsiyaviy sudning samarali faoliyat olib borishi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi ustuvorligini nafaqat ta’minlaydi, balki, insonparvar demokratik davlat qurishning zaruriy sharti bo‘lib ham hisoblanadi.
Bu o‘z navbatida, Prezidentimiz oldimizga muhim vazifa qilib qo‘ygan “Yagona maqsadimiz – adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash orqali xalqimizni rozi qilish”ga zamin yaratadi.
ABDUMANNOB RAXIMOV,
O‘zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyaviy sudi
sudyasi,
ALISHER KARIMOV,
O‘zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyaviy sudi
katta eksperti,
O‘zA