Qonun ustuvorligi va inson manfaatlari yo‘lida
FOTOREPORTAJ
Majburiy ijro byurosi Farg‘ona shahar bo‘limi tomonidan respublika va mahalliy OAV vakillari uchun press-tur tashkil etildi.
Tadbir avvalida ta’kidlanganidek, sud hujjatlari va boshqa organ hujjatlari ijrosini ta’minlab, jamiyat hayotida nafaqat qonun ustuvorligi, balki yurtdoshlarimizning moddiy va mulkiy manfaatlari himoyasini kafolatlashda Majburiy ijro byurosi muhim o‘rin tutmoqda. Xususan, Farg‘ona viloyatida byuro tomonidan joriy yilning to‘qqiz oyida 1 trln. 923 mlrd. so‘mlik ijro ishlaridan 1 trln. 535 mlrd. so‘m yoki 80 foizi tamomlanib, shundan 567 mlrd. so‘mi amalda undirildi.
[gallery-14300]
Press-tur davomida MIB Farg‘ona shahar bo‘limi davlat ijrochisi Davron Bo‘taqoriyev aliment to‘lovlarini undirish bilan bog‘liq holat haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. Chunki, tan olish kerakki, ayni yo‘nalishda ijro hujjatlari havas qilarli emas.
- Ota-onalar farzandlari voyaga yetgunga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar. Oila darz ketdi degani - bu ota yoki onalik mas’uliyatidan xoli bo‘ldi degani emas. Ammo aliment to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lamay, ostonasida biz, ijrochilarni sarson qilayotgan mas’uliyatsizlar ham bor, - dedi D. Bo‘taqoriyev.
Shu bilan birga MIB Farg‘ona shahar bo‘limi tomonidan davlat bojlari, jinoiy va ma’muriy jarimalar, davlat foydasi undirilishi bilan bog‘liq bo‘lgan ijro hujjatlarni ijrosini ta’minlash hamda davlat foydasiga o‘tgan mol-mulklar sotilishidan tushgan jami 1 mlrd. 352 mln. so‘mdan ortiq mablag‘lar undirildi. Bundan 676 mln. so‘mdan ortig‘i “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan ehtiyojmand qatlamni qo‘llab-quvvatlash uchun ochilgan maxsus hisob-raqamlarga yo‘naltirildi.
Muqimjon QODIROV(surat),O‘zA