Kadastr Agentligi va davlat kadastrlari palatasi Buxoro viloyati boshqarmalari tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur tashkil etildi.
Unda “O‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonun yuzasidan viloyatda amalga oshirilgan ishlar atroflicha tahlil etildi.
Ayni paytda Davlat kadastrlari palatasi Buxoro viloyati boshqarmasi va uning tuman, shahar filiallari tomonida mazkur qonun ijrosini ta’minlash maqsadida keng qamrovli yalpi xatlov ishlari olib borilmoqda. Viloyatda 2025 yilda 133 ta mahallada xatlov ishlari amalga oshirilishi belgilangan.
– Buxoro tumanidagi “Yangi turmush” mahalla fuqarolar yig‘ini Ipakchilik qishlog‘ida xatlov ishlarini olib boryapmiz, – deydi kadastr muhandisi Jasurbek Xudoyberdiyev. – Ayrim xonadonlarda o‘zboshimchalik bilan qurilgan inshoot borligi aniqlandi. Fuqarolarga targ‘ibot ishlari amalga oshirildi. Xatlov ishlari natijasida ABRISga tushirildi. Endigi jarayon UZKAD dasturining xatlov bo‘limiga ABRIS kiritiladi.
Qonun ijrosi yuzasidan jarayonlarga 200 nafarga yaqin xodimlar safarbar qilingan bo‘lib, bugungi kunga qadar 36 195 ta ko‘chmas mulk ob’ektlari xatlovdan o‘tkazildi. Shundan, 24 826 ta hujjatlar UZKAD dasturiga kiritildi va jami 13 806 ta ob’ekt hujjatlari “E’tirof” avtomatlashtirilgan tizimga o‘tkazilgan. Muhokamada turgan ob’ektlar soni 11 188 ta, e’londagilar 1 351 ta, rad etilganlar 280 tani tashkil etadi.
Olib borilgan xatlov ishlari natijasida Xalq deputatlari viloyat Kengashining sessiyalarida bugungi kunga kelib 446 nafar fuqarolarning uy-joylarga nisbatan mulk va ijara huquqlari rasman e’tirof etildi.
[gallery-25413]
Qonunga ko‘ra, ijobiy xulosa qabul qilingan fuqarolarga Kadastr agentligi tomonidan bir martali to‘lovni amalga oshirish borasida xabarnoma yuboriladi. Xabarnoma asosida bir martali to‘lovni amalga oshirganlarga har chorakda xalq deputatlari viloyat Kengashi qarori bilan huquqlar e’tirof etiladi.
Press-tur davomida ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.