Mamlakatimizda xalq manfaati, inson qadri va adolat tamoyillarini mustahkamlash yo‘lidagi islohotlar samarasi bardavom bo‘lmoqda.
Xususan, 2024 yil 5 avgust kuni imzolangan «O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida»gi qonun yurtdoshlarimiz uchun katta quvonch va imkoniyatlar eshigini ochdi. Mazkur qonun orqali fuqarolar o‘zlarining uzoq yillardan beri yashab kelayotgan xonadonlarini hujjatlashtirish, ya’ni o‘z uy-joylariga nisbatan qonuniy egalik huquqiga ega bo‘lish imkoniyati yuzaga keldi, mana shuning o‘zi «inson qadri uchun» tamoyilining amaldagi eng katta ifodasi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni birgina Sirdaryo viloyati misolida qiziqib, Kadastr agentligi Sirdaryo viloyat boshqarmasi boshlig‘i Shavkat Ro‘ziqulovning fikrlarini oldik.
– Mazkur qonunni amalga oshirish maqsadida 54 nafar kadastr xodimimiz tomonidan tasdiqlangan reja-grafikka asosan mahallalarda uyma-uy xatlov ishlari tashkil etilgan, – deydi boshqarma boshlig‘i. – Qonun rasman kuchga kirgan kundan boshlab, ya’ni 2024 yil noyabr oyidan yil yakuniga qadar 29 ta mahallada xatlov ishlari yakunlangan bo‘lsa, 2025 yil davomida esa yana 106 ta mahallada bu jarayonlar amalga oshirilishi belgilangan. 2025 yil 14 aprel holatiga ko‘ra, 33 ta mahallada 8 712 ta uy-joy xatlovdan o‘tkazilib, shundan 1 518 tasi «E’TIROF» AAT dasturiga kiritilgan. Mazkur dastur doirasida ob’ektlar tegishli vazirlik va idoralar tomonidan ikki oy muddatda ko‘rib chiqiladi va jamoatchilik muhokamasiga taqdim etiladi. Muhokama jarayonlaridan so‘ng, xalq deputatlari viloyat Kengashi tomonidan tasdiqlanadi va ob’ekt egalari qonuniy ravishda mulk huquqiga ega bo‘ladilar. Ayni paytda, ijobiy xulosa olingan bir qator uy-joylar muhokama bosqichida bo‘lib, yaqin orada ularning huquqiy maqomi rasman e’tirof etilishi kutilmoqda.
Shu o‘rinda ma’lumot uchun aytish mumkinki, bugungi kunga qadar Buxoroda (5 ta), Samarqandda (30 ta), Andijon (20 ta), Qashqadaryo (18 ta) va Namangan (11 ta) viloyatlarida ham fuqarolarning uy-joylariga nisbatan mulk va ijara huquqlari rasman tan olingan.
Albatta, bu boradagi ishlar yurtimizning barcha hududlarida olib borilayotgan bo‘lsa-da, ba’zi holatlarda muayyan qiyinchiliklar ham kuzatilmoqda. Jumladan, xonadon egalarining uyda bo‘lmasligi, zarur hujjatlarni o‘z vaqtida taqdim etmaslik yoki kechroq kelishini aytib ishchi guruhni qayta-qayta chaqirish holatlari jarayonlarni sekinlashtirmoqda. Buning natijasida bir mahallada xatlov ishlari to‘liq yakunlanmasdan boshqasiga o‘tishning imkoni bo‘lmay qolmoqda.
Buning uchun aholisi, xususan, reja-grafik asosida xatlov o‘tkazilishi belgilangan mahalla fuqarolari o‘z vaqtida uylarda bo‘lishlari va kerakli hujjatlarni tayyor holda taqdim etishlari muhimdir. Bu ham nafaqat davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash, balki konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirish yo‘lida muhim qadamdir.
Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA