Qonun ijodkorligida samaradorlikni oshirish zarur
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Qonun loyihalari muhokamasini tashkil etishning tashkiliy-huquqiy asoslari” mavzusida seminar o‘tkazildi. Unda Qonunchilik palatasida qonun loyihalarini muhokama qilish amaliyotini takomillashtirish, taqdim etiladigan ma’ruzalar sifatini oshirish, mazmunli va konstruktiv muhokama muhitini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida kelgusi o‘n yillikni milliy yuksalish davri sifatida belgilab, sud mustaqilligini kuchaytirish va qonun ustuvorligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratdi. Qonun ustuvorligiga erishishda esa avvalo, qabul qilinayotgan qonunlarning sifati va samaradorligi muhim o‘rin tutadi. Bu borada parlamentda qonun loyihalarini tayyorlash jarayonida ularning puxta, pishiq, hayotiy va mazmunli bo‘lishini ta’minlash, muhokama jarayonlariga jiddiy e’tibor qaratish lozim bo‘ladi.
Seminarda ayni shu jihatlarga ustuvor ahamiyat qaratildi. Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi J.Shirinov o‘z ma’ruzasida qonun loyihalarini birinchi, ikkinchi va uchinchi o‘qishlarda ko‘rib chiqishning tartib-taomillari, o‘ziga xos jihatlari, deputatlar takliflari asosida loyihalarni takomillashtirish, alohida normalarni puxta muhokama qilish va yakuniy tahrirni shakllantirish masalalari haqida to‘xtalib o‘tdi.
Parlament tadqiqotlari instituti direktori A.Toshpo‘latov esa qonun loyihalarini ko‘rib chiqishda ilg‘or xorijiy amaliyot, muhokamalarni tashkil etish usullari, ilmiy-nazariy asoslari xususida ma’lumot berdi.
Seminar davomida qonun loyihalari yuzasidan taqdim etiladigan ma’ruzalar loyiha mazmunini shunchaki bayon qilish bilan cheklanmasdan, uning maqsadi, qabul qilish zarurati, taklif etilayotgan huquqiy yechimlar va kutilayotgan natijalar, muhokamalarda taqdim etilgan takliflar haqida batafsil ma’lumotlarni ham o‘z ichiga olishi lozimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, qonun ijodkorligi jarayoniga zamonaviy texnologiya va yondashuvlarni joriy etish, muhokamalarning samaradorligi va sifatini oshirish yuzasidan takliflar bildirildi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA