Keyingi yillarda mamlakatimizda sud-huquq sohasida amalga oshirilgan izchil islohotlar natijasida shaxsni asossiz ushlab turish yoki qamoqda saqlash, uning himoyaga bo‘lgan huquqlarini cheklash, tergov va sud ishlarini yuritishda sansalorlikka yo‘l qo‘yish kabi holatlarga asosan barham berilmoqda.
Biroq, ushbu holatlar jinoyat protsessida inson huquqlari har jihatdan ta’minlandi, bu boradagi barcha kamchiliklar bartaraf etildi degani emas, albatta.
Masalan, joriy yilda muassasamizga kelib tushgan jami 68.378 ta murojaatning 9.295 tasi yoki 13,5 foizi aynan sud-huquq masalalariga taalluqli ekanligi, ushbu sohada hali muayyan muammolar mavjudligi, ularni tadqiq etib, o‘rganish va natijalari bo‘yicha amaldagi jinoyat-protsessual qonunchiligining ayrim normalarini takomillashtirish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Birinchi masala bu – qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash haqidagi sudning ajrimi ustidan shikoyat berish tartibini yanada takomillashtirish lozimligidir.
Ma’lumki, shaxsga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash haqidagi prokuror iltimosnomasi sud tomonidan o‘sha shaxsning bevosita ishtirokida ko‘rib chiqilishi shart (ayblanuvchiga nisbatan qidiruv e’lon qilingan hollar bundan mustasno).
JPKning 241-moddasi ikkinchi qismiga ko‘ra, surishtiruv yoki dastlabki tergov bosqichida qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash haqidagi sudning ajrimi ustidan mazkur ajrim chiqarilgan vaqtdan e’tiboran yetmish ikki soat ichida apellyatsiya tartibida shikoyat berilishi, protest bildirilishi mumkin.
Mazkur qonun normasining mazmuni qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash haqidagi sudning ajrimi shaxsning bevosita ishtirokida yoki uning ishtirokisiz (sirtdan) chiqarilgan bo‘lsada, sud qarori ustidan gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, uning himoyachisi va qonuniy vakili tomonidan yetmish ikki soat ichida apellyatsiya tartibida shikoyat berilishi mumkinligini anglatadi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 4 apreldagi «Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida» Qonuniga asosan JPKning
241-moddasi to‘rtinchi qism bilan to‘ldirilgan bo‘lib, unga ko‘ra sirtdan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan shaxs mazkur ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi ajrim ustidan u tegishli vakolatli organga keltirilgan paytdan e’tiboran yetmish ikki soat ichida sud tartibida shikoyat qilishga haqli ekanligi belgilangan.
Yuqorida bayon qilingan holatlarni tahlil qiladigan bo‘lsak, agar qidiruv e’lon qilingan shaxsga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash masalasi sirtdan ko‘rilgan taqdirda, uning himoyachisi ushbu ajrim ustidan belgilangan muddatda apellyatsiya tartibida shikoyat berishga haqli yoki yo‘qligi aniq ko‘rsatilmagan.
Bu esa, amaliyotda qidiruv e’lon qilingan shaxs qachonki ushlanib, tegishli vakolatli organga keltirilganidan keyingina o‘zi yoki himoyachisi yetmish ikki soat ichida sud ajrimi ustidan shikoyat qilishiga yo‘l qo‘yiladi degan bahsli munozaralarga sabab bo‘lmoqda.
Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2007 yil 14 noyabrdagi «Sudga qadar ish yuritish bosqichida qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasining sudlar tomonidan qo‘llanilishi to‘g‘risida»gi 16-sonli qarorida ushbu masala yuzasidan sudlarga aniq tushuntirish berilmagan.
Bu kabi holatlar sud amaliyotida huquqni qo‘llash borasida ayrim tushunmovchiliklarni yuzaga keltirishi bilan birga, qidiruvdagi shaxsning o‘z ixtiyori bilan huquqni muhofaza qiluvchi organga kelishiga, bunday shaxslar sonining kamayishiga hamda bu borada byudjet mablag‘larining tejalishiga erishishga to‘sqinlik qilishi mumkin.
Misol uchun qidiruvdagi shaxslarni topish va ushlash, ularni xorijiy davlatlardan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilish davlat byudjetidan juda ko‘p miqdorda mablag‘ sarflanishini talab qiladi.
Xususan, «Huquq» gazetasining 2019 yil 13 iyun sonida e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, 2015-2018 yillarda chet ellarda ushlangan 1457 nafar qidiruvdagi shaxsni O‘zbekistonga ekstraditsiya qilish uchun davlat byudjetidan 30 milliard so‘mga yaqin mablag‘ sarflangan.
Shaxs huquqlari himoyasini yanada takomillashtirish va huquqni qo‘llash borasidagi mavjud muammoni bartaraf etish maqsadida JPKning
241-moddasi to‘rtinchi qismini:
“Agar sudning shaxsga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash haqidagi sirtdan chiqargan ajrimi ustidan uning himoyachisi ushbu moddaning uchinchi qismida belgilangan muddatda shikoyat qilmagan bo‘lsa, qidiruv davomida ushlangan shaxs mazkur ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi ajrim ustidan u tegishli vakolatli organga keltirilgan paytdan e’tiboran yetmish ikki soat ichida sud tartibida shikoyat qilishga haqli«degan tahrirda bayon qilish taklif etiladi.
Ikkinchi masala, bu –sudda jinoyat ishini sudlanuvchining ishtirokisiz muhokama qilish davomida himoyachining ishtirokini ta’minlash shartligidir.
Ma’lumki, JPKning 410-moddasiga ko‘ra, ishning sudlanuvchi ishtirokisiz muhokama qilinishiga sudlanuvchi O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida bo‘lgan va sudga kelishdan bo‘yin tovlagan, uning yo‘qligi ish bo‘yicha haqiqatni aniqlashga monelik qilmagan taqdirdagina yoxud u sud majlisida tartibni buzgani, raislik qiluvchining farmoyishlariga bo‘ysunmagani yoki sudni behurmat qilgani uchun sud majlisi zalidan chiqarib yuborilgan taqdirda yo‘l qo‘yilishi mumkin.
Biroq, jinoyat ishlarini yuritishda himoyachi ishtirok etishi shart bo‘lgan holatlar ro‘yxati keltirilgan JPKning 51-moddasida jinoyat ishi sudlanuvchining ishtirokisiz sudda muhokama qilinganda himoyachining ishtiroki shartligi nazarda tutilmagan.
Ushbu holat esa, sud muhokamasida bevosita ishtirok etmagan sudlanuvchining himoyaga bo‘lgan huquqlari jiddiy tarzda cheklanishiga olib keladi. Shu sababli, JPKning 51-moddasi birinchi qismini quyidagi mazmundagi 81-band bilan to‘ldirish taklif etiladi:
“81) ushbu Kodeksning 410-moddasi tartibida ish sudlanuvchining ishtirokisiz muhokama qilinishi davomida;”
Shubhasiz, yuqorida taklif etilgan bu qo‘shimcha shaxsning himoyaga bo‘lgan huquqlarini to‘la ta’minlashning muhim kafolati sifatida xizmat qiladi.
Uchinchi masala, bu – jinoyat ishini sudda muhokama qilish davomida shaxsni qamoqda yoki uy qamog‘ida saqlash muddatlarini belgilashdir.
Amaldagi JPKning 245-moddasiga ko‘ra, jinoyatlar tergov qilinayotganda shaxsni qamoqda saqlab turish yoki uy qamog‘ining muddati ko‘pi bilan uch oyni tashkil etadi hamda ushbu muddat tegishli tartibda yetti oygacha uzaytirilishi mumkin va uni boshqa uzaytirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ushbu muddatlar faqatgina dastlabki tergov bosqichiga taalluqli bo‘lib, amaldagi JPKda jinoyat ishini sudda muhokama qilish davomida shaxsni qamoqda yoki uy qamog‘ida saqlash muddatlarini belgilash va ularni uzaytirish tartibi nazarda tutilmagan.
Ushbu huquqiy bo‘shliq sud amaliyotida sudlanuvchi yoki uning himoyachisi tomonidan shaxs asossiz ravishda qamoqda yoki uy qamog‘ida saqlab turilgani to‘g‘risidagi haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Ma’lumki, JPKning 405-moddasiga ko‘ra, jinoyat ishini sudda muhokama qilish muddati ishni muhokama qilish boshlangan kundan e’tiboran ikki etib belgilangan. Zaruriyatga qarab, bu muddat tegishli tartibda olti oygacha uzaytirilishi mumkin.
Dastlabki tergov bosqichida qo‘llanilgan qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasining muddati o‘tib ketgan bo‘lishiga qaramasdan, shaxs sud muhokamasi bosqichida qanday protsessual hujjat asosida qamoqda yoki uy qamog‘ida qancha muddatga qadar saqlanishi mumkinligi aniq belgilanmagani bois uning amaldagi qonun hujjatlarida belgilangan huquqlari cheklanishiga olib keladi.
Tahlillarga qaraganda, Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, Ukraina kabi davlatlar jinoyat-protsessual qonunchiligida ushbu masala aniq tartibga solingan.
Shaxsning huquq va erkinliklarini to‘la ta’minlash maqsadida, amaldagi JPKda jinoyat ishini sudda muhokama qilish davomida shaxsni qamoqda yoki uy qamog‘ida saqlash muddatlarini hamda uni uzaytirish tartibini aniq belgilash taklif etiladi.
bugungi kunda JPKning yangi tahrirdagi loyihasi ishlab chiqilayotgani munosabati bilan,yuqorida bildirilgan takliflar inobatga olinsa maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Rahimqul Toshboyev,
«Madad» muassasa shaklidagi nodavlat notijorat tashkiloti bosh mutaxassisi