O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 28 oktyabrdagi 662-son qarori bilan Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini lingvistik ekspertizadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Mazkur hujjat O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 10 fevraldagi Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 61-son qarorining 4-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti tomonidan tayyorlangan.
Ma’lumki, shu paytgacha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini huquqiy ekspertizadan, gender-huquqiy va korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish amaliyoti qonunchilikda belgilangan edi.
O‘zbekiston Respublikasining «Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi Qonunida nazarda tutilgan normativ-huquqiy hujjat mazmuniga qo‘yiladigan talablar o‘z mohiyatiga ko‘ra loyihalar matniga nisbatan ayrim ilmiy-lingvistik talablarni ham o‘z ichiga oladi. Jumladan, mazkur Qonunning 24-moddasida normativ-huquqiy hujjatning matni lo‘nda, oddiy va ravon tilda bayon etilishi, unda foydalaniladigan tushunchalar va atamalar turlicha izohlash imkoniyatini istisno etadigan shaklda qo‘llanilishi shartligi, eskirgan hamda ko‘p ma’noni anglatadigan so‘zlar va iboralar, majoziy taqqoslashlar, sifatlashlardan foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan. Lekin, amaldagi qonunchilikda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ilmiy-lingvistik ekspertizadan o‘tkazishning alohida tartibi mavjud emasligi sababli ayrim qonun hujjatlarining adabiy til, grammatika, orfografiya, normativ-huquqiy hujjatlar matniga qo‘yilgan boshqa talablarga nomuvofiqligi holatlari uchrashiga sabab bo‘lib kelayotgan edi.
Shu munosabat bilan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ilmiy-lingvistik ekspertizadan o‘tkazish sohasida Yaponiya, Ukraina, Belarus, Moldova, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Rossiya kabi bir qator xorijiy davlatlar tajribasi o‘rganib chiqildi. Xususan, qonun hujjatlari loyihalarini ilmiy-lingvistik ekspertizadan o‘tkazish tartiblari ayrim davlatlarda normativ-huquqiy hujjat maqomiga ega, ayrim davlatlarda esa uslubiy qo‘llanma sifatida foydalanish uchun mo‘ljallangan.
Rossiya Federatsiyasida qonun loyihalarining ilmiy-lingvistik ekspertizasi Davlat Dumasi ishlab chiqqan «Qonun loyihalarini ilmiy-lingvistik ekspertizasi yuzasidan uslubiy tavsiyalar»ga asosan Davlat Dumasining Huquqiy boshqarmasi tomonidan o‘tkaziladi. Zarur hollarda Davlat Dumasining mas’ul qo‘mitasi qaroriga asosan qonun loyihasi ilmiy-lingvistik ekspertizadan o‘tkazish uchun tegishli davlat organlari va boshqa tashkilotlarga yuborilishi mumkin. Belarus Respublikasida «Huquqiy aktlar tayyorlash sifatini ilmiy-lingvistik nazorati» uslubiy qo‘llanmasi Huquqiy axborot milliy markazi tomonidan ishlab chiqilgan, biroq u normativ-huquqiy hujjat bilan tasdiqlanmagan. Qozog‘iston Respublikasida qonun hujjatlari loyihalarining ilmiy-lingvistik ekspertizadan o‘tkazish tartiblari Hukumat huzuridagi Qonun ishlab chiqish masalalari bo‘yicha Idoralararo komissiya tomonidan tasdiqlangan.
Ta’kidlash lozimki, MDH davlatlarida qonun hujjatlari loyihalarini ekspertizadan o‘tkazish sohasida umumiy bo‘lgan quyidagi mazmundagi tartiblar mavjud:
– qonun hujjatini ishlab chiquvchi organ loyihaning ilmiy-lingvistik ekspertiza talablariga javob berishini ta’minlaydi, ya’ni dastlabki ilmiy-lingvistik ekspertiza loyihani ishlab chiqish bosqichida ishlab chiquvchi organning ichki imkoniyatlari doirasida amalga oshiriladi;
– ishlab chiquvchi organ rahbari loyihani kelishish yoki huquqiy ekspertiza uchun taqdim etar ekan, uning ilmiy-lingvistik jihatdan ham talabga javob berishini tasdiqlaydi;
– qonun hujjatlari loyihalarini ilmiy-lingvistik ekspertizadan o‘tkazish uchun mas’ul bo‘lgan alohida organ mavjud bo‘lmay, zarurat bo‘lgan holatlarda loyihani ishlab chiquvchi organ qaroriga ko‘ra ilmiy-lingvistik ekspertizani o‘tkazish uchun ilmiy-ta’lim muassasalari, davlat va nodavlat tashkilotlari hamda tegishli soha mutaxassislari jalb qilinishi mumkin.
Nizom loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimi (project.gov.uz) orqali o‘ndan ortiq manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishuvdan o‘tkazilib, hujjat jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi hamda kelishuv va muhokamalar jarayonida bildirilgan barcha taklif va tavsiyalar hisobga olindi.
Nizomda 2023 yil 1 yanvardan boshlab normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari loyihalari jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishidan oldin lingvistik ekspertizadan o‘tkazilishi tartibi o‘rnatildi.
Nizomda normativ huquqiy-hujjatlar loyihalarini ilmiy-lingvistik ekspertizadan o‘tkazishning asosiy maqsad va vazifalari, bunday ekspertizani o‘tkazish uchun jalb qilinishi mumkin bo‘lgan tashkilot va muassasalar doirasi, ilmiy-lingvistik ekspertizani o‘tkazuvchi mutaxassislarga qo‘yiladigan talablar, ularning huquq va majburiyatlariga aniqlik kiritildi. Unga ko‘ra, qonun hujjatlari loyihasini lingvistik ekspertizasi loyiha matni davlat tili qoida va talablariga muvofiqligini tekshirish maqsadida ishlab chiquvchi tomonidan yoki jalb etilgan ekspertlar tomonidan o‘tkazilishi mumkin.
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ilmiy-lingvistik ekspertizadan o‘tkazishning quyidagi asosiy talablari belgilandi:
loyiha matnining davlat tilida ish yuritish qoidalari, qonun hujjatlari bilan normativ-huquqiy hujjatlar matniga qo‘yilgan talablarga muvofiq bo‘lishini ta’minlash;
loyihada qo‘llaniladigan atamalarning to‘g‘ri ma’noda ishlatilishini tekshirish;
loyiha matnida grammatik, uslubiy, mantiqiy xatolar bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik;
huquqiy normalarni turlicha talqin qilishga yo‘l qo‘ymaydigan shaklda ifodalash.
Shu bilan bir qatorda, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining ilmiy-lingvistik ekspertizasi quyidagilarni o‘z ichiga olishi belgilanmoqda:
loyihalar matnining adabiy til, grammatika, orfografiya me’yorlariga, normativ-huquqiy hujjatlar matniga qo‘yiladigan boshqa talablarga muvofiqligini so‘z, so‘z birikmalari, gap singari leksik birliklar darajasida aniqlash;
loyihada grammatik, uslubiy, mantiqiy xatolar bo‘lmasligini, normalarning turlicha talqin qilishga yo‘l qo‘ymaydigan shaklda ifodalanishini ta’minlash;
og‘zaki nutq shakllari, eskirgan, ko‘p ma’noni anglatadigan so‘z,
so‘z birikmalari va iboralar, sifatlashlar, kinoyalarning qo‘llanilishiga yo‘l qo‘ymaslik;
loyihada ifodalangan normalarning mazmuni aniq va tushunarli bayon qilinganligiga, qo‘llanilgan so‘z birikmalari va gap bo‘laklarining to‘g‘ri tanlangani va o‘zaro mantiqiy bog‘langanini baholash;
tushunishni qiyinlashtiruvchi murakkab tarkibli qo‘shma gaplardan foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik;
davlat tilida muqobili bo‘lgan xorijiy tillardagi atamalarni qo‘llanishiga yo‘l qo‘ymaslik.
Lingvistik ekspertiza davomida qonun hujjatida qo‘llangan jumlalarning soddaligi va qisqaligi, ta’riflarning aniqligi, imlo, uslubiy, grammatik va orfografiya qoidalariga mosligi, yangi atamalar, shuningdek, soha atamalarining to‘g‘ri qo‘llanilganligi, bayonning tizimliligi va ifodali ketma-ketligi singari jihatlarga alohida e’tibor qaratiladi.
Maslahatchi yoxud ekspertizaga jalb etilgan ekspert 3 kun yoki shartnomada belgilangan muddatda lingvistik ekspertizadan o‘tkazish natijasi bo‘yicha aniqlangan xato va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tavsiyalarni ko‘rsatgan holda xulosa berib, loyihani ishlab chiquvchiga taqdim etadi. Shunga ko‘ra, loyiha matni qayta ishlanib, kelishish uchun vazirlik va idoralarga yuboriladi.
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ilmiy-lingvistik ekspertizadan o‘tkazishga oid umumiy qoidalarning huquqiy jihatdan mustahkamlanishi norma ijodkorligi faoliyatini yanada takomillashishiga va qabul qilinayotgan qonun hujjatlari normalarini aniq va bir xilda qo‘llanishiga xizmat qiladi.
Abdulaziz Rasulev,
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti mas’ul xodimlari