Xabaringiz bor, o‘tgan hafta bo‘lib o‘tgan Senatning yalpi majlisida ko‘plab qonunlar ma’qullandi.
Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun shular jumlasidandir.
Qonun bilan vijdon erkinligini ta’minlashning asosiy ustuvorliklari, diniy tashkilotlarning huquq va majburiyatlari doirasi aniq belgilab berilgan. Diniy tashkilotlar faoliyatining qo‘shimcha kafolatlari mustahkamlangan.
Adliya vazirligi mutaxassislarining aytishicha, qonun bilan fuqarolarning jamoat joylarida “ibodat liboslari”da yurishlariga yo‘l qo‘yilmasligi haqidagi cheklov bekor qilinmoqda.
Shuningdek, diniy ta’lim muassasalarida diniy ta’lim beruvchilarga markaziy organning alohida roziligini olish talabi, diniy tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun notarial tasdiqlangan hujjatlarni taqdim etish tartibi, diniy tashkilotni tuzishda mahalla fuqarolar yig‘inlari roziligini olish talabi bekor bo‘ladi.
Qonunda diniy tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartib-taomillari tubdan yengillashtirilgan. Xususan, diniy tashkilotni tuzish uchun tashabbuskorlarning soni 100 nafardan 50 nafarga qisqartiriladi. Diniy tashkilotni tuzish haqidagi yig‘ilish o‘tkazilgandan keyin 6 oy mobaynida (amalda 3 oy) adliya organiga murojaat qilish huquqi mustahkamlanadi. Taqdim etiladigan hujjatlar soni qisqaradi. Ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq xizmatlar to‘liq elektron ko‘rinishda amalga oshirilishi joriy etiladi.
Diniy tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rib chiqishning 3 oylik muddati 1 oy etib belgilanmoqda. Ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish asoslari aniq belgilanmoqda.
Diniy tashkilotning faoliyati faqatgina sud tomonidan to‘xtatib qo‘yilishi mumkin. Mansabdor shaxslar tomonidan diniy tashkilotlarning qonuniy manfaatlarini buzuvchi xatti-harakatlari ustidan sudga murojaat qilganda ular davlat bojini to‘lashdan ozod etilishi va boshqa qo‘shimcha kafolatlar nazarda tutilmoqda.
Qonun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolanib, belgilangan tartibda e’lon qilingach kuchga kiradi.
N.Abduraimova, O‘zA