Qo‘ng‘ir ayiq tog‘ qo‘ynida tasvirga tushdi
Surxondaryo viloyatidagi “Yuqori To‘palang” milliy tabiat bog‘i nazoratchilari baland tog‘ qo‘ynida harakatlanayotgan qo‘ng‘ir ayiqni mobil telefon orqali tasvirga oldi.
Bu haqda xabar bergan viloyat ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston “Qizil kitobi”ga kiritilgan qo‘ng‘ir ayiq dengiz sathidan 1 500 – 3 500 metr balandlikdagi tog‘ o‘rmonlari va o‘tloqlarida yashaydi. Noyob tur jonivor G‘arbiy Tyan-Shan hamda g‘arbiy Pomir-Oloy hududlarida ko‘proq uchraydi. U CITES xalqaro konvensiyasining I ilovasiga ham kiritilgan zaif va muhofazaga muhtoj kenja tur hisoblanadi.
Qo‘ng‘ir ayiq asosan mart-oktabr oylarida faol bo‘lib, ko‘proq ertalab va kechki paytlarda harakatlanadi. Qish mavsumida inlariga kirib, qishlaydi. Mevalar, ildizlar, hasharotlar hamda ayrim hollarda mayda sutemizuvchilar bilan oziqlanadi va 30 yilgacha umr ko‘radi.

Mutaxassislarning aytishicha, Sariosiyo tumanidagi purviqor tog‘lar qo‘ynida tashkil etilgan “Yuqori To‘palang” milliy tabiat bog‘i 27 ming 581 gektar maydonni egallaydi. O‘simlik va hayvonot dunyosiga boy hudud dengiz sathidan 1000-3800 metrgacha balandlikda joylashgan. Tashkil etilganiga to‘rt yil bo‘lgan tabiat bog‘ining nabotot va hayvonot olami yildan-yilga kengayib, noyob yovvoyi hayvonlar, jumladan, qo‘ng‘ir ayiqlar bilan boyib borayotgani kuzatilmoqda.
Nilufar Bozorova, O‘zA