Qon tahlillari yanada takomillashadi
Davlat rahbari tashabbusi bilan “O`zmedimpeks” MCHJ va “Innova Medical Equipment and Services LLC” (Gruziya) kompaniyasi o‘rtasida tuzilgan shartnomaga asosan Buxoro viloyatidagi qon quyish markaziga “Qon komponentini ajratish separatori” o‘rnatildi.
– Xalqaro standartlarga javob beradigan ushbu apparat to‘liq avtomatlashtirilgan tizimda ishlashga moslashgan bo‘lib, bir marotabalik steril to‘plamlardan foydalangan holda qon komponentlari tayyorlanadi, –deydi Buxoro viloyati qon quyish markazi bosh hamshirasi Dilnoza Fayzullayeva. – Bu degani ushbu apparat ikki hissa eritrotsitlar, aferez trombotsitlar, bir hissa, ikki hissa va uch hissada trombotsitlar, plazma, leykoredutsirlangan plazma kabi qon hujayralari tayyorlashga moslashgan. Ushbu komponentlar trombotsitopenik qon ketishlarda, leykozlarda, onkogemotologik kasalliklarda va yana bir qator og‘ir kechuvchi gematologik kasalliklarda qo‘llaniladi.
Avtomatlashtirilgan apparatda donorlar hech qanday noqulaylik his qilishmaydi. Donorning hayoti va sog‘ligini kafolatlagan holda bir marotabalik sarf materiallari ishlatilib qon komponentlari tayyorlanadi. Trombotsitlar sog‘lom inson organizmida 2-5 kunda tiklanadi. Har bir sog‘lom fuqaro 50 yoshgacha trombotsit donori bo‘la oladi.
[gallery-7902]
Hozirgi kunda boshqa mamlakatlardagi kabi O‘zbekistonda ham asosan qon o‘rniga uning komponentlari – eritrotsitlar, leykotsitlar, trombotsitlar, plazma va preparatlari ishlatiladi. Shuning uchun donorlikka irsiyat bo‘yicha mos keladigan ixtiyoriy (badalsiz) qon beruvchi sog‘lom kishilar jalb etiladi. Qon donorligi amaliyotining bir qancha tibbiy va huquqiy tomonlari mavjud.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, donorlar boshqalarga qaraganda 5 yil ko‘proq umr kechirishadi. Donorlik infarkt va boshqa yurak-qon tomir kasalliklari kelib chiqishi xavfini bir necha bor kamaytiradi. Olimlar erkak donorlar orasida yurak infarkti boshqalarga qaraganda 30 foiz kamroq uchrashini aniqlashgan.
Doimiy ravishda qon va uning komponentlarini topshirish hujayralarning tabiiy yangilanishiga va organizm yosharishiga olib keladi. Ya’ni qon topshirgandan so‘ng yangilanish kerakligi haqida signal tushadi. Bunday yangilanish yurak, qon tomir tizimi kasalliklari, ateroskleroz, podagra, ovqat hazm qilish, oshqozon osti bezi, jigar va asosiy modda almashinuvi faoliyatlari buzilishining oldini olishda foydali hisoblanadi. Immun tizimi kasalliklarining oldini olishda ham doimiy ravishda qon topshirish foydalidir, chunki u ham organizmning umumiy yangilanishi bilan bog‘liq.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA