Qo‘mondon o‘quvchi-yoshlar bilan uchrashdi
Termiz shahridagi 1-ixtisoslashtirilgan maktab-internatida Janubiy operativ qo‘mondonligi boshlig‘i, polkovnik Po‘lat Sativaldiyev bilan "Rahbar va yoshlar" uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Yosh avlodni Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat, milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga, ularning qalbi va ongiga Vatan himoyasi sharafli, muqaddas burch ekanini chuqur singdirishga qaratilgan tadbirda harbiylar, maktab-internat o‘quvchilari, faxriylar ishtirok etdi.


Uchrashuvda jonajon Vatanimizning mustaqilligi va ravnaqi yo‘lida fidokorona kurashgan milliy qahramonlarimiz, ular bilan faxrlanish tuyg‘usi hamda ularga munosib bo‘lishning ahamiyati haqida so‘z yuritildi. Milliy armiyamiz saflarini jismonan baquvvat va ma’nan yetuk yoshlar bilan to‘ldirish, harbiy xizmat har bir O‘zbekiston fuqarosi uchun muqaddas burch ekani xususida fikr almashildi.


Uchrashuv doirasida tinchligimiz posbonlari jihozlagan chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik sinfida polkovnik Po‘lat Sativaldiyev o‘quvchi-yoshlarga "Jasorat" darsi o‘tdi. Ularni qiziqtirgan savollarga javob berdi. "Vatan tayanchi" otryadi a’zolariga ko‘krak nishoni, maxsus kiyim-bosh, esdalik sovg‘alar va kitoblar to‘plami topshirildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri