Qo‘mitaning bir yillik faoliyati ko‘rib chiqildi
Oliy Majlis Senati Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasining videokonferensaloqa tarzida majlisi bo‘lib o‘tdi.
Majlisda Senatning o‘n ikkinchi yalpi majlisida ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan masalalar, xususan, 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisoboti dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, 2020 yilda qo‘mitada amalga oshirilgan ishlar hamda 2021 yil birinchi yarim yillik ish rejasi va davlat Dasturida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha axborot berildi.
Saylovchilarni tashvishga solayotgan muammolarni chuqur o‘rganish va ularning yechimi yuzasidan zarur choralarni ko‘rish maqsadida qo‘mita a’zolari 849 marotaba o‘z saylovchilari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Qolaversa, Senatda va joylarda qo‘mita a’zolari tomonidan jami 3 ming 291 nafar fuqaro qabul qilindi.
Qo‘mita a’zolari tomonidan 2020 yilda jami 21 ta senator so‘rovi yuborilib, tegishli davlat organlari, mahalliy hokimiyat organlari tomonidan ko‘rib chiqilib, ijrosini ta’minlash choralari ko‘rildi.
M.Qudratullayeva, O‘zA