Qo‘lbola aroq savdosiga chek qo‘yildi
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi hamda Nukus shahar bo‘limi xodimlari tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Qo‘ng‘irot tumanida yashovchi fuqaro B. A. shartli xaridor Q.Pga “Qo‘ng‘irot dehqon bozori” aksiyadorlik jamiyati qoshida noqonuniy ravishda hech qanday hujjatlarsiz, qo‘lbola usulda ishlab chiqarilgan 240 shisha “Qaratau” arog‘ining har bir shishasini 14 500 so‘mdan hisoblab, jami 3 million 480 ming so‘mga sotgan vaqtida ushlandi.
Tekshirish davomida huquqbuzar B.A. o‘z avtomashinasida 0,75 ml.hajmdagi 6 shisha, 0,5 ml. hajmdagi 228 shisha, 0,45 ml. hajmdagi 84 shisha, va 0,25 ml. hajmdagi 30 shisha aroqni sotish maqsadida olib yurgani aniqlandi.

Olib borilgan tezkor tadbir natijasida huquqbuzar B.A.dan jami bahosi 8 million 752,3 ming so‘mlik 588 shisha “Qaratau” arog‘i ashyoviy dalil tariqasida olindi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi sud-kriminalistika bo‘limining ekspertiza xulosasiga ko‘ra, fuqaro B.A. dan ashyoviy dalil tariqasida olingan 14 shisha “Qaratau” arog‘iga yelimlangan aksiz markalar qalbaki ekanligi tasdiqlandi.
Mazkur holat yuzasidan Departamentning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahar bo‘limi tomonidan fuqaro B.A.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA