Qoidabuzarlar tegishli jazosini oldi
Zamon shiddat bilan rivojlangani sayin texnologiyalar ham mukammallashib bormoqda. Ayrim fuqarolar ushbu rivojlanishdan unumli foydalansa, ayrimlari o‘rnatilgan qoidalarga zid harakatlari bilan omma e’tiborini tortishga urinmoqda. Inson ehtiyojlari oshgan sari ularni qondirish uchun bo‘lgan urinishlarning ko‘rinishlari ham o‘zgarmoqda. Xalq ta’biri bilan aytganda “to‘qlikka sho‘xlik” qiluvchilar ko‘paymoqda.
Buxoroda o‘rtog‘ining onasini tug‘ilgan kunida unga kutilmagan tomosha uyushtirib katta yo‘lda guruh-guruh bo‘lib harakat qilgan shovvozlar ham kimgadir maqtanmoqchi yoki o‘zlarini ko‘rsatmoqchi bo‘lgan bo‘lsa ajabmas.

–Keyingi paytlarda ayrim haydovchilar tomonidan tug‘ilgan kunni nishonlash yoki farzandini tug‘uruq xonadan olib chiqish, g‘ayritabiiy usulda do‘stini tabriklash uchun transport vositalaridan guruh-guruh bo‘lib harakatlanish, transport vositalariga turli xil qog‘ozlarni yopishtirgan holda o‘zlarining minnatdorligini ko‘rsatish holatlari kuzatilmoqda, – deydi Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Jamoat xavfsizligi xizmati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi Axborot guruhi katta inspektori, kapitan Ulug‘bek Shukurlayev. – Bu qanday qoidabuzarlik turiga kiradi degan tabiiy savol tug‘iladi. Yo‘llarda bu kabi xatti-harakatlar, guruh-guruh bo‘lib harakatlanish bu yo‘l harakati xavfsizligi qoidalariga zid hisoblanadi va belgilangan tartibda qonunchiligimizga asoslangan holda ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Har qanday qayd etilgan holat zudlik bilan aniqlanadi va ularga nisbatan ma’muriy ta’sir choralari ko‘riladi. Qoidabuzarlik uchun javobgarlik borligini eslatish va belgilangan tartibda chora ko‘rish yo‘l harakati xavfsizligi xodimlarining vazifasi hisoblanadi.
Buxoro viloyati IIB JXX YHXB xodimlari tomonidan qoidabuzar haydovchilarga O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik Kodeksida belgilangan tartibda bayonnomalar rasmiylashtirilib avtomashinalar jarima maydoniga joylashtirildi.

–Toshkent moliya institutida o‘qiyman, – deydi qoidabuzar haydovchi ismini sir saqlagan holda. – Ta’til kunlarida do‘stimning onasini tug‘ilgan kuni bilan tabriklash uchun bilmay shu ishni qilibman. Qilgan ishimdan afsusdaman. Boshqa haydovchilarga bunday qilishni tavsiya etmayman.
– Do‘stimning onasini tug‘ilgan kuni bilan tabriklab, xursand qilish uchun mashinamni orqasiga “Tabriklayman” deb yozuv yozgandik, – deydi yana bir qoidabuzar haydovchi. – Bu ishim bilan men yo‘l harakati qoidalarini buzdim. Guruh-guruh bo‘lib harakatlanganimiz uchun tegishli tartibda jazo olyapmiz. Bunday qoidabuzarlikni hech kimga tavsiya qilmayman.
Qonunlar ustuvor bo‘lgan mamlakatimizda guvohi bo‘lganingizdek har bir qoidabuzar tegishli jazosini oladi. Biz barcha haydovchilardan amaldagi yo‘l harakati qoidalariga rioya qilishlarini, kattalardan yosh avlodga yaxshi odat hamda to‘g‘ri qoidalar bilan o‘rnak bo‘lishlarini so‘raymiz.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri.