Qo‘g‘irchoq teatri jamoasining bolalarga tuhfasi
Ulug‘ shoir, shoh va sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 538 yilligi munosabati bilan Andijon viloyati qo‘g‘irchoq teatri jamoasi tomonidan “Sheryurak yoki Bobur haqida qissa” deb nomlangan spektakl namoyish etilmoqda.
Teatrning badiiy rahbari Mansurbek Ro‘ziyev ssenariysi asosida rejissyor Dilmurod Shayxov tomonidan sahnalashtirilgan spektakl tarixiy faktlarga asoslangan holda, yosh tomoshabinlarga mos, ertak tarzida sahnalashtirilgan. Unda Bobur Mirzoning tug‘ilish onlaridan taxtga o‘tirgunicha bo‘lgan jarayonlar qiziqarli voqealar asosida namoyish etiladi.
Tarixiy janrda sahnalashtirilgan, qiziqarli voqealar aks ettirilgan ushbu spektakl buyuk bobomiz, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburning bolaligi haqida hikoya qiladi. Boburning tug‘ilishi bilan yovuz niyatli kimsalar – Abu Joxil va xizmatkorining tinchi yo‘qoladi. Chaqaloq noyob qobiliyat bilan dunyoga keladi. Uning ana shu qobiliyatidan yovuz kimsalar o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishga qaror qilib, bola 10 yoshga to‘lganda o‘g‘irlab ketishadi. Zehnli, zakovatli, mard va jasur Bobur yovuz kimsalar qo‘lidan o‘z bilimi, aql va zakovati tufayli xalos bo‘ladi.
[gallery-1171]
Spektakl jajji tomoshabinlar qalbida vatanparvarlik, odillik, to‘g‘riso‘zlik, jasur va mardlik tuyg‘ularini mustahkamlashga, yaxshilik doimo yomonlik ustidan g‘alaba qozonishiga ishonchni mustahkamlaydi.
Spektaklda Zahiriddin Muhammad Boburning ijodi - ruboiy va g‘azallardan keng foydalanilgan.
Teatr jamoasining ulug‘ shoir tavalludining 538 yilligiga tuhfasi bo‘lgan hamda fevralning oxiriga qadar namoyish etiladigan mazkur spektakl bolajonlarda unutilmas taassurotlar qoldirmoqda.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA