Taniqli adib, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Qo‘chqor Norqobil asarlari xorijda eng ko‘p chop etiladigan va o‘qiladigan ijodkorlardan sanaladi.
Yaqinda muallifning “Bomba v serdse” (“Yurakdagi bomba”) deb nomlangan yana bir kitobi Moskvadagi “RIDERO” nashriyoti tomonidan bosma hamda elektron shaklda chop etilib, qator adabiy sayt, elektron tarmoqlar orqali sotuvga chiqarildi.
Kitobga rossiyalik adiba Yunona Rumyansova muharrirlik qilgan. Rossiyada shu bilan adibning to‘rtinchi kitobi o‘quvchilarga taqdim etilmoqda.
Aytish kerakki, “Bomba v serdse” (“Yurakdagi bomba”) deb nomlangan mazkur kitobda mehr-muhabbat, Vatan, urush va tinchlik, umumbashariy qadriyatlar oddiy va ta’sirchan tarzda turfa hikoyalarda ochib berilgan.
Ma’lumot uchun, Qo‘chqor Norqobil 1968 yil 5 mart kuni Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanidagi Mo‘minko‘l qishlog‘ida tug‘ilgan.
ToshDUning – hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetini 1992 yilda tugatgan.
Uning «Daryo ortidagi yig‘i» (1994), «O‘n sakkizga kirmagan men bor» (2002), «Kulib tur, azizim» (2005), «Quyoshni kim uyg‘otadi?» singari nasriy hamda «Xosiyatli dunyo» (1992), «Kaftimdagi qizg‘aldoq» (1993) she’riy to‘plamlari nashr etilgan. Bir qator dramalari mamlakatimiz teatrlarida sahnalashtirilgan.
Pushkin, Lermontov, Yesenin, Yevtushenko kabi shoirlarning nasriy asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
Qo‘chqor Norqobil 2001 yilda “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist” unvoniga sazovor bo‘lgan.
Ijodkorning “Bomba v serdse” (“Yurakdagi bomba”) kitobi rossiyalik adabiyot muxlislariga manzur bo‘lishiga shubha yo‘q.
N.Usmonova, O‘zA