Qochoq haydovchi aslida og‘ufurush ekan
Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani “Katta qishloq” mahallasida istiqomat qiluvchi 30 yoshli fuqaroning firibi ish bermadi. Aksincha uning “uddaburon”ligi ichki ishlar xodimlarida shubha uyg‘otib, G‘allaorol tumani “Sangzor-15” yo‘l patrul xizmati maskanida YPX xodimlaridan qochishga uringan va qochish jarayonida bir nechta mashinani urib yuborib, ularga shikast yetkazgan.
Jizzax viloyat IIB transportda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi jinoyat qidiruv bo‘limi hamda davlat xavfsizlik xizmati boshqarmasi xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilib, ushbu tadbir davomida davlat raqami taqilmagan oq rangdagi “Kobalt” rusumli ushbu transport vositasi qo‘lga olindi. Guvohlar ishtirokida avtomobil saloni ko‘zdan kechirilganida, old o‘rindiq tagidan ko‘k rangdagi poliyetilen xaltada 205 gramm marixuana narkotik moddasi borligi ma’lum bo‘ldi.

Jizzax viloyatida 1993 yilda tug‘ilgan bu fuqaro aslida giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi og‘ufurush ekanligi ma’lum bo‘ldi va endi u qonun oldida javob berishiga to‘g‘ri keladi.

Ushbu holat yuzasidan tegishli tarzda hujjatlar rasmiylashtirilib, tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
A.Qayumov, O‘zA