Qaror va ijro
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 14 fevraldagi “Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish va bandligini ta’minlashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ishbilarmonlik qobiliyatini namoyish etmoqchi, o‘z biznes loyihasini ro‘yobga chiqarishni istagan yigit-qizlar uchun dasturilamal vazifasini o‘tamoqda.
Buxoro viloyati Qorako‘l tumanining “Do‘stlik” mahallasida yashovchi Marufbek Sharipov avtomobillarga xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanib keladi. Mahalladagi hokim yordamchisining ko‘magi bilan “Biznesga birinchi qadam – yoshlar uchun” loyihasi doirasida “Aloqabank” tomonidan 70 million so‘m imtiyozli bank krediti ajratildi. Bank krediti hisobiga qo‘shimcha jihozlar olib kelib faoliyatini kengaytirdi. Hozirgi vaqtda Marufbek Sharipovning nafaqat Qorako‘l, balki, qo‘shni tumanlarda ham mijozlari talaygina.

– Har jabhada tashabbuskor, mahalladoshlarni moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2025 yilda bizga umumiy qiymati 2,5 milliard so‘m miqdoridagi bank imtiyozli kredit sarmoyasi ajratilgan, – deydi tuman hokimining “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘inidagi yordamchisi Mexroj Himmatov. – Bugungi kunga qadar shundan 1 milliard 200 million so‘m mablag‘ moliyalashtirilgan. Bu mablag‘ tashabbuskorga rasmiylashtirib berilgani natijasida turli jabhada kichik sex ko‘rinishida loyihalar ishga tushirilib, daromad manbai yaratilgani quvonarli, albatta. Joriy yilning bugungi davriga qadar mahallada 27 mikroloyiha, 21 ta oilaviy tadbirkorlik tashkil etildi.
Tumanda ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, xotin-qizlarning iqtisodiy, ijtimoiy faolligini oshirish bo‘yicha ham qator ishlar amalga oshirilmoqda. Shunday yaratilgan sharoitlardan samarali foydalanib mahallada ham Latofat Shokirova boshchiligida “Sultana” ayollar go‘zallik saloni faoliyat boshlaganiga ko‘p vaqt bo‘lmadi.

Ahamiyatli jihati, bugunga kelib tadbirkorlik sub’ektida 5 nafar xotin-qiz bandligi ta’minlanmoqda. Biznes tamoyiliga ko‘ra, “Sultana” ayollar go‘zallik saloni har bir mijozni salonning muhim mehmoni deb biladi. Bunda soch turmaklash, makiyaj, manikyur-pedikyur xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, yuzga yaqin turdagi kelinlar liboslari ham bisyor qilingan.
– Bundan o‘n yil oldin tuman markazidagi go‘zallik salonida ishimni shogird sifatida boshlagandim, – deydi Latofat Shokirova. – Bir vaqtning o‘zida ham ishlab, ham o‘rganishimga to‘g‘ri keldi. Ishimiz har doim o‘zimiz istaganimiz kabi kechmagan, ko‘p qiynalganmiz. Ammo, ortga chekinmaganim bois bugungi natijalarga erishdim. Endilikda shogirdlar sonini yana ko‘paytirib, xotin-qizlarga xizmat ko‘rsatish, moddiy manfaatdorlikni oshirishni niyat qilganmiz.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.