Qoʻqonning oʻn ikkinchi darvozasi
Toshkentliguzar mahallasi.
Toshkentliguzar mahallasi. Qoʻqon xonligining oʻn ikki darvozasidan biri boʻlgan ushbu maskanning tabiati chiroyli va betakror boʻlgani bois bu yerda asosan yozgi dala hovlilar, mevali bogʻlar tashkil etilar edi.
Bu maskanga koʻchib kelgan aholi chorvachilik, nonvoylik, qandolatchilik, duradgorlik va dehqonchilik bilan shugʻullanib, ishbilarmonlik va tadbirkorligi bilan tilga tushgan. Mahalla chevarlari tikkan aʼlo baxmal toʻnlar, banoras atlas va adraslar yetti iqlimda mashhur boʻlgan.
Ayni paytda ham ota-bobolardan meros anʼanalarni izchil davom ettirib kelayotgan toshkentliguzarliklar bugun Fargʻona viloyatining eng obod, goʻzal goʻshasida yashayotgani bilan haqli ravishda faxrlanadilar.
2018-yili “Obod qishloq” dasturi doirasida 3 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ sarflanib, “Toshkentliguzar” mahalla fuqarolar yigʻini nafaqat Uchkoʻprik tumani, balki viloyatda barcha zamonaviy sharoitlarga ega mahallaga aylandi. Bugun 580 ta xonadonda istiqomat qilayotgan 3 ming 270 nafar aholining 70 foizi tadbirkor boʻlsa, qolgani hunarmand. Dovrugʻi doston Qoʻqon holvasi asosan shu mahallada tayyorlanadi. Tabiati soʻlim, tuprogʻi saxiy maskanda joylashgan “Mehrigiyo” korxonasining ming dardga davo dorivor giyohlari poytaxt nomini olgan guzarga chindan ham mos tushadi.
Toshkentliguzar koʻchalari megapolis shaharlarni eslatadi. Oʻnga yaqin taʼlim muassasalari, ikkita mini market, 10 dan ortiq xizmat koʻrsatish va servis shoxobchalari, otalar choyxonasi, savdo doʻkonlari, 50 nafar opa-singillarni ish bilan taʼminlagan “Dilafruz tekstil” korxonasi, qishloq vrachlik punkti, mahalla guzari va kutubxona, bolalar maydonchalari, ziyoratgoh, 40 oʻrinli hammom, eh-he, sanayversak bu kabi qulayliklarning sanogʻidan adashamiz.
– Xoʻsh, bunday yutuqlarning asosiy sababi nimada? – degan savolga javobni mahallaga oʻn besh yildan buyon raislik qilib kelayotgan Tursunxoʻja Akbarxoʻjayev bir soʻz bilan shunday ifodalaydi:
– Hamjihatlikda!
Toshkentliguzarning bir asrlik hayot dovonini bosib oʻtayotgan nuroniylari Sanobar Nazirova, Yoʻldoshxoʻja Imomaliyev, Abdullaxoʻja Joʻraxoʻjayevlarning eʼtirof etishicha, azaldan mahallada hunarmandlar sulolalari shakllangan. Sandiqchi ustalar, duradgorlar, qandolatchilar, holvapazlarning bugungi avlodi bu hunarlarini zamon talabiga moslab, rivojlantirmoqda. Oʻnlab mahalladoshlar Qoʻqon shahrida oʻz tadbirkorligiga ega, katta-katta koʻchmas mulklarning mulkdori. Latif shaharning yonginasida joylashgan mahallani Qoʻqon bilan bogʻlaydigan mustahkam rishtalar juda ham koʻp. Ishonch koʻpriklari yuz yillar mobaynida ikki maskan ahlini manfaatli sheriklik asosida umrguzaronlik qilishini taʼminlab kelmoqda.
Ammo bu mahallada hali ham isloh etilishi kerak boʻlgan kamchiliklar yoʻq emas. Misol uchun, 2019-yili Toshkentliguzarda ikkita jinoyat sodir etildi. Ikkita oilaviy ajrim qayd etilgani esa yana-da ogʻriqlidir.
– Kimning ham zamondan ortda qolgisi keladi deysiz! Ammo hayot hammani birdek erkalab, boshini silayvermaydi, – deydi mahalla raisi. – Mahallamizda qoʻl uchida kun koʻradigan, kamxarj oilalar ham bor. Yaqinda kambagʻallikni tugatish dasturi asosida olib borilgan oʻrganish ishlari natijasida Toshkentliguzar mahallasida 6 ta ana shunday oila roʻyxati shakllantirildi. Maqsadimiz bunday oilalarni tadbirkor yoki hunarmand mahalladoshlarga biriktirish orqali ularning turmush farovonligini oshirish, kambagʻallikni bartaraf etishga qaratilgan.
Betakror tabiat manzaralari, tinib-tinchimas tadbirkorlari, hunarmandlar sulolalari, koʻhna tarix va zamonaviy taraqqiyot mezonlarini oʻzaro uygʻunlashtirgan qadriyatlar Toshkentliguzarning oʻziga xos tashrif qogʻozidir. Viloyatning turistik yoʻnalishlari roʻyxatiga kiritilgan mahalla dovrugʻi yetti iqlimga ovoza boʻladi.