Qoʻmondonlik mobil punkti harakati qoʻqqisdan tekshirildi
Jangovar texnikalar parkidan harbiy texnikalar kalonasi “Sazagan” dala oʻquv maydoniga yoʻl oldi.
Joriy yilning 11-12-mart kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar Bosh shtabi qoʻshinlarni jangovar va kundalik faoliyatini boshqarish markazi rahbariyati tomonidan birinchi marta Markaziy harbiy okrug qoʻmondonligi qoʻqqisdan tekshirildi.

Tezkor navbatchi tomonidan berilgan “yigʻin” signaliga muvofiq, shaxsiy tarkib qurol-aslaha va ekipirovkasini olib, qisqa fursatda jangovar shay holatga oʻtdi. Jangovar texnikalar parkidan harbiy texnikalar kalonasi “Sazagan” dala oʻquv maydoniga yoʻl oldi.

Boʻlinmalar bilan tezkor aloqani taʼminlash maqsadida mobil qoʻmondonlik punktlari qulay pozitsiyalarni egallab, belgilangan muddatda yoyildi. Shartli dushman va vaziyat haqida dastlabki maʼlumotlar yuqori rahbariyatga maʼlum qilindi.

– Soʻnggi ikki yil ichida mudofaa vazirligi qoʻshinlarida mobil qoʻmondonlik punktlari zamonaviy informatsion aloqa va texnik vositalar bilan butlandi. Bu esa harakatda va joyda maʼlumotlarni uzatish va qabul qilish, har qanday sharoitda qoʻmondonlik bilan videomuloqotni tashkil etish, asosiysi boʻlinmalarni boshqarish kabi keng imkoniyatlar sari yoʻl ochdi, – deydi polkovnik Diyorbek Tojiboyev. – Bundan bir necha yillar oldin mobil qoʻmondonlik punktlari boʻlsa-da, texnik vositalar eski, aloqa sifati yaxshi boʻlmagan. Koʻproq statsionar (bir joydagi) punktdan foydalanilgan. Hozirgi kunda esa mobil punktlar eng soʻnggi markadagi texnik vositalar bilan taʼminlangan. Dala oʻquv maydonida texnikalar niqoblandi.

Shuningdek, harbiy xizmatchilar tashabbusi bilan barpo etilgan koʻp funksiyali mobil ustaxona hamda zenit quroliga oʻrnatilgan zirhli qalqon qoʻshinlar hayotiga tatbiq etildi.
