Qoʻmita takliflarni alohida nazoratga oldi
Tahlillar shuni koʻrsatadiki, 2020-yilning oʻtgan davrida jismoniy va yuridik shaxslar qoʻmitaga 20 dan ortiq qonun va qonun loyihalariga takliflar bildirilgan murojaatlar yoʻllagan.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasiga aholi vakillari va nodavlat tashkilotlari tomonidan fuqarolik jamiyatining huquqiy asoslarini takomillashtirish yuzasidan koʻplab murojaatlar kelib tushmoqda.
Tahlillar shuni koʻrsatadiki, 2020-yilning oʻtgan davrida jismoniy va yuridik shaxslar qoʻmitaga 20 dan ortiq qonun va qonun loyihalariga takliflar bildirilgan murojaatlar yoʻllagan. Umumiy murojaatlarning 16 foizini takliflar tashkil qilib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan ushbu koʻrsatkich 5 foizga ortgan.
Shu bilan birga, ularda asosan nodavlat notijorat tashkilotlar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, jamoatchilik nazorati, ijtimoiy sheriklik, saylov, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari, fuqarolar yigʻini raisi saylovi bilan bogʻliq qonun hujjatlariga hamda Qonunchilik palatasi tomonidan koʻrib chiqilayotgan qonun loyihalariga takliflar bildirilgan.
Shuni alohida qayd etish lozimki, qoʻmita oʻtgan yillarda qabul qilingan “Jamoatchilik nazorati toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi saylov kodeksini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi, “Kasaba uyushmalari toʻgʻrisida”gi qonunlarni maromiga yetkazish ishlarida jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan bildirilgan takliflar inobatga olinib, qonun loyihalariga tegishli tuzatishlar kiritildi.
Yana bir muhim jihat, jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushayotgan takliflar qoʻmita tomonidan alohida nazoratga olinib, uning yigʻilishlarida koʻrib chiqilmoqda va tegishli chora-tadbirlar belgilanmoqda.
Xususan, “Inson huquqi madaniyati markazi” nodavlat notijorat tashkiloti qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan 10 ga yaqin takliflarni bildirib, qoʻmitaga xat yuborgan. Joriy yilning 12-iyun kuni ushbu takliflar muhokamasi yuzasidan videokonferensiya tashkil etildi.
Unda Qoʻmita aʼzolari, Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi (OʻzNNTMA) direktori Nasimjon Alimov va “Inson huquqi madaniyati markazi” nodavlat notijorat tashkiloti direktori Ixtiyor Umarovlar ishtirok etdilar.
Onlayn uchrashuvda Inson huquqi madaniyati markazi direktori Ixtiyor Umarovning “Nodavlat notijorat tashkilotlar toʻgʻrisida”gi,“Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisida”gi va “Jamoatchilik nazorati toʻgʻrisida”gi qonunlar yuzasidan bildirgan takliflari hamda ularni koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha qoʻmita aʼzolarning fikr-mulohazalari tinglandi.
Onlayn muloqotda “Nodavlat notijorat tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Qonunda “nodavlat notijorat tashkilotning qatnashchisi”ning huquqiy maqomini, huquq va majburiyatlarini aniq belgilash, “Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonundagi havolaki normalarni chiqarish, “Jamoatchilik nazorati toʻgʻrisida”gi qonunda jamoatchilik nazorati subyektining murojaati va soʻrovlariga javob berish muddatini bir oydan oʻn besh kunga qisqartirish haqida bildirilgan takliflar qoʻmita aʼzolarida katta qiziqish uygʻotdi.
Shuningdek, muloqot davomida deputatlar OʻzNNTMA direktorining xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish, aholining muhtoj qatlamlariga ijtimoiy xizmatlar hamda fuqarolarga huquqiy yordam koʻrsatish borasida ish olib borayotgan nodavlat notijorat tashkilotlarini qoʻllab-quvvatlash choralarini kuchaytirish yuzasidan bildirgan takliflarini ham koʻrib chiqdilar.
Qoʻmita tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyatida uchrayotgan muammolar va yechimini kutayotgan masalalar muhokama etildi. Ularni oʻrganish va hal qilish boʻyicha OʻzNNTMA bilan hamkorlikdagi faoliyatni kuchaytirish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.
Uchrashuv yakunida Inson huquqi madaniyati markazi direktoriga nodavlat notijorat tashkilotlar borasidagi qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha ishlab chiqqan takliflari uchun qoʻmita tomonidan minnatdorchilik bildirildi.
Behzod SULTONOV,
Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar
va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari
qoʻmitasi huzuridagi kotibiyat katta referenti