O‘zbek raqs san’ati og‘ir judolikka uchradi. Taniqli raqqosa, o‘zbek raqs san’atida o‘z maktabini yaratgan inson, O‘zbekiston xalq artisti Qizlarxon Do‘stmuhammedova 77 yoshida vafot etdi. Bu haqda Madaniyat va turizm vazirligi xabar qilmoqda.
Qizlarxon Do‘stmuhammedova 1946 yilning 25 oktyabrida Toshkent shahrida tavallud topgan. Dastlab 1965 yilda Toshkent davlat universiteti (hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti)ni, 1977 yilda Toshkent teatr va rassomchilik san’ati instituti (hozirgi San’at va madaniyat instituti)ni tamomlagan.
Mehnat faoliyatini 1965 yilda Muhiddin Qori Yoqubov nomidagi O‘zbek davlat filarmoniyasi balet solisti sifatida boshlagan va 1989 yilga qadar faoliyat olib borgan. Keyinroq “O‘zbekiston” teatr-studiyasi solisti (1989-1991), Toshkent davlat madaniyat instituti “Xalq musiqasi” kafedrasi o‘qituvchisi (1991-1995), Xalqaro “Oltin Meros” xayriya jamg‘armasi qoshidagi milliy mumtoz raqs dastasining bosh badiiy rahbari sifatida (1999-2005) faoliyat yuritgan.
Qizlarxon Do‘stmuhamedovaning raqslari nafis va jozibali harakatlarga boyligi bilan ajralib turar edi. “Go‘zal”, “Tong malikasi”, “Go‘zal tong”, “Intizor”, “Buxoro yulduzi”, “Sevgi taronasi”, “Nozli” kabi zamonaviy, shuningdek, “Munojot”, “Tanovar”, “Mo‘g‘ulchai segoh”, “Qorako‘zim”, “Guluzorim”, “Savti miskin” mumtoz raqslari bilan mashhur edi.

“Shashmaqom” telefilmida qatnashgan (1972), “Tanovar” raqs ansambli (Sietl, AQSH)da o‘zbek raqslarini sahnalashtirgan. AQSH, Jazoir, Fransiya, Germaniya, Tunis kabi mamlakatlarda gastrol safarlarida bo‘lgan. Qizlarxon Do‘stmuhamedova ijodiga bag‘ishlab, 1985 yilda “Nafosat guldastasi” nomli film ishlangan. 2000 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoniga ko‘ra, “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan.
O‘zA