“Qizlar ovozi” koordinatorlari saylandi
Toshkent shahar Mirobod tumanida joylashgan 110-sonli ihtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida Toshkent shahar “Qizlar ovozi” klubi koordinatorlarining saralash bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Unga qadar 100 nafar qiz orasidan 15 nafar qiz birinchi bosqichda saralab olinib, keyingi bosqichga yo‘l olgan.
Raqobatga boy o‘tgan tanlovdan keyin mana shu 15 nafar qizlar orasidan eng kuchli 5 nafar qiz “Qizlar ovozi” klubi koordinatorlari sifatida tanlab olindi.

Jumladan, bosh koordinator etib Dilshoda Saydullayeva, Ta’lim yo‘nalishi koordinatori Mohinur Ro‘ziboyeva, IT va media yo‘nalishi koordinatori Shaxina Shuhratova, Bandlik va tadbirkorlik yo‘nalishida Guljamol Shoqo‘chqorova, Sport va salomatlik yo‘nalishi koordinatori Laylo Egamberdiyeva tayinlandi.

O‘zbekistonda yosh xotin-qizlar bilan ishlashning zamonaviy modulini yaratishga mo‘ljallangan “Qizlar ovozi” platformasi 5 ta yirik loyihani o‘z ichiga olgan. Ilk loyiha sifatida barcha hududlarda “Qizlar ovozi” klublari ish boshladi. bugungi kunda 14 ta hududiy, respublika klublarida 11 ming nafardan ortiq qiz faoliyat ko‘rsatmoqda.
Yoshlar ishlari agentligining o‘z oldiga qo‘ygan asosiy vazifalaridan biri mana shu yosh xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquqiy savodxonligini yanada oshirish, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida faol ishtirokini rag‘batlantirish uchun korxona-tashkilotlarning sa’y-harakatini birlashtirish, qabul qilingan qonun hujjatlarini amalda ro‘yobga chiqarish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini olib borishdir.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA