Qizlar ovozi forumi o‘tkazildi
Andijon shahridagi viloyat yoshlar markazida “Qizlar ovozi” forumi bo‘lib o‘tdi.
“Yoshlar oyligi” doirasida Yoshlar ishlari agentligi, “Qizlar ovozi” klubi hamkorligida tashkil etilgan forumda viloyatdagi oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari, umumta’lim maktablarida tahsil olayotgan, turli yo‘nalishlarda mehnat qilayotgan hamda uyushmagan yoshlarning ilg‘or va faol vakilalari ishtirok etdi.
– Andijonda qizlarning jamiyat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi ishtiroki, faolligi va nufuzini oshirish, yetakchi va tashabbuskor qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda, – deydi “Qizlar ovozi” klubining hududiy koordinatori Mohinur Abdulatipova. – O‘tkazilgan tadbirning asosiy maqsadi ham ana shu yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga qaratilgan.
Forumda mamlakat istiqboli uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir qizlar safini kengaytirish orqali jamiyatda gender tenglikni ta’minlash, yosh xotin-qizlarning ruhiy, ma’naviy tazyiq va zo‘riqishlarga uchrashining oldini olish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda milliy, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash mavzularida fikr-mulohazalar bildirildi.
Shuningdek, forum davomida viloyatda o‘tkazilgan o‘rganishlar, «Yoshlar daftari» va «Ayollar daftari»ni shakllantirish jarayonida yoshlar, xotin-qizlar masalasida aniqlangan kamchilik va muammolar yuzasidan mutasaddi tashkilot rahbarlari bilan muloqotlar o‘tkazildi.
– Forum men kabi ko‘p qizlarni yanada faol bo‘lishimiz uchun kuch va shijoat berdi, – deydi forum ishtirokchisi, Qo‘rg‘ontepa tumanidagi 3-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Inobatxon Mamadxojiyeva. – Bundan buyon eng avvalo faqat a’lo baholarga o‘qishga, jamoat ishlarida yanada faol bo‘lishga harakat qilaman. Tengdoshlarimni esa jamiyatdagi jarayonlarga dahldorlik hissi bilan yashashga chaqiraman.
Forum yakunida “Qizlar ovozi” klubining hududiy va tuman, shahar koordinatorlariga ishonch sertifikatlari topshirildi.
[gallery-179]
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA