“Qizlar akademiyasi”ning yangi ilovasi taqdim etildi
“Qizlar akademiyasi” - barcha yoshdagi ayol-qizlar uchun mutaxassislar tomonidan bepul o‘quv kurslarni o‘z ichida jamlagan interaktiv platforma hisoblanadi.
Platformada salomatlik, zamonaviy kasblar, hunarmandchilik, ta’lim, tadbirkorlik, psixologik hamda huquqiy modullar doirasida boshlang‘ich darajadan o‘rganishga mo‘ljallangan darsliklar mavjud.
Yoshlar ishlari agentligi ma’lumotiga ko‘ra, “Qizlar akademiyasi” ilovasining yangi versiyasi taqdim etildi.
Ilovaning interfeysi va imkoniyatlari yanada jozibador, qulay va qiziqarli holatga keltirildi.
Xususan, yangi versiyada quyidagi bo‘limlar butunlay yangilandi. Jumladan, ro‘yxatdan o‘tish, login, asosiy sahifa hamda shaxsiy profil ko‘rinishi o‘zgardi. Kurslar, video player, testlar va foydalanuvchi qatnashayotgan kurslar sahifalari yangilandi.
Shuningdek, peshqadamlar jadvali, vakansiyalar, sertifikatlar hamda bildirishnomalar tizimi hamda “Biz haqimizda” va boshqa barcha yordamchi sahifalar qulay va zamonaviy tarzda o‘zgartirildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA