Qiziltepada qishga hozirlik ko‘rilmoqda
Dunyoda kasblar ko‘p. Har bir kasb esa ishning ko‘zini bilganlar uchun doimo qadrli bo‘lgan.
Nodir Rahmatov Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanida istiqomat qiladi. U gaz taqsimlash qurilmasi chilangari vazifasida salkam yigirma yildan buyon ishlab kelmoqda. Ota kasbini ulug‘lab kelayotgan Nodirjonning ishxonada o‘z o‘rni bor. Jamoadoshlari bu chilangarning intiluvchan, mehnatkash, kamtarin va samimiyligini alohida hurmat qiladi. Uning otasi Rayim ota ham qirq yilga yaqin gaz sohasida mehnat qilgan chilangarlardan biri edi. Bugun ota izidan borib, jamoasida hurmat qozongan Nodir Rahmatovga havas bilan qaraydiganlar ko‘p.

– Ota izidan borib kam bo‘lmadim, – deydi qahramonimiz. – Kasbimni yaxshi ko‘raman. Ba’zan qishning sovug‘i-yu, yozning jazirama kunlarida ham ko‘chada ishlashimizga to‘g‘ri keladi. Hech qachon bu kasbni tanlaganimdan afsuslanmaganman. Tabiiy gazning bir maromda aholi xonadonlariga kirib borishiga hissam qo‘shilayotganidan xursand bo‘laman.
Bugungi kunda Qiziltepa tumanida 20 ming 945 ta tabiiy gaz, 14 ming 401 ta suyultirilgan gaz iste’molchisi mavjud.
Hozir tumandagi Yangi hayot mahallasida gaz ta’minotini yanada yaxshilash maqsadida rekonstruksiya ishlari olib borilyapti. Yaqin kunlarda rekonstruksiya ishlari yakunlanib, aholi xonadonlariga tabiiy gaz kirib boradi.
– Hozirga qadar Yangi hayot mahallasida 2,5 kilometr gaz quvuri tortildi, – deydi “Qiziltepatumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi bosh muhandisi Botir Qutliyev. – Natijada mazkur mahallada yashovchi 157 ta xonadon bir maromda tabiiy gaz bilan ta’minlanadi.
Ayni paytda “Qiziltepatumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi tomonidan aholiga tabiiy gaz yetkazib berish maqsadida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlikning so‘nggi bosqichi olib borilmoqda. Jumladan, gaz quvurlari va undagi qurilmalarni 2023-2024 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorlash rejasiga ko‘ra, 13,5 kilometr gaz quvurlaridan 13,2 kilometri joriy ta’mirlanib, tartibga keltirildi. 0,6 kilometr gaz quvuri rekonstruksiya qilindi, 13,5 kilometr gaz quvurida bo‘yoqlash ishlari amalga oshirildi. Shuningdek, 166 dona gaz quvurlari tirgaklari almashtirildi va tuzatildi.
Bu jarayonlarda Nodir Rahmatov singari chilangarlarning alohida hissasi bor.
Abduvali Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri