Qizilsoyda aholi uchun yangi qulayliklar qilindi
Mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida Yuqori Chirchiq tumanining Qizilsoy mahallasida aholi uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ijtimoiy ob’ektlar foydalanishga topshirildi.
Ochilish marosimida tuman hokimi Uskenbay Atemov, mas’ul davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, mahalla faollari, nuroniylar, yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda aholi uchun zamonaviy ijtimoiy infratuzilmani yaratish, yosh avlodning har tomonlama barkamol voyaga yetishi uchun munosib sharoitlar qilishga qaratilgan islohotlar izchil amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

Dastlab Qizilsoy mahallasida barpo etilgan 120 o‘rinli 18-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti ochilish marosimi o‘tkazildi. Investitsiya dasturi doirasida 4,4 milliard so‘m mablag‘ evaziga qurilgan mazkur muassasa zamonaviy talablar asosida barpo etilgan. Bog‘chada tarbiyalanuvchilar uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Barcha xonalarga sanitariya me’yorlari asosida, ta’lim jarayonini samarali tashkil etish uchun zamonaviy jihozlar o‘rnatilgan. Shuningdek, bolalarning jismoniy va ma’naviy kamoloti uchun sport va o‘yin maydonchalari, yozgi ayvonchalar barpo etilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda Yuqori Chirchiq tumanida jami 107 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat yurityapti. Shundan 17 tasi davlat, 5 tasi davlat-xususiy sherikchilik asosidagi, 18 tasi xususiy va 67 tasi oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlaridir. Hududdagi 12 ming nafar bolaning 82,3 foizi bog‘chaga qamrab olingan.

Shundan so‘ng mahalla ahli uchun yana bir muhim ijtimoiy ob’ekt — zamonaviy yopiq turdagi sport majmuasi foydalanishga topshirildi. “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida 1,5 milliard so‘m mablag‘ evaziga barpo etilgan mazkur inshoot mahalla aholisining faolligi va tashabbuskorligi natijasidir. Sport majmuasi tarkibida o‘lchami 40x20 metr bo‘lgan sun’iy qoplamali yopiq futbol maydoni hamda 19x8 metrli zamonaviy voleybol maydoni tashkil etilgan. Yangi majmua mahalladagi 700 nafardan ortiq yoshlarning sport bilan muntazam shug‘ullanishi, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishi, iqtidorini rivojlantirishi va sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishga xizmat qiladi.

Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda Yuqori Chirchiq tumanida aholi turmush sifatini yuksaltirish, ta’lim va sport infratuzilmasini yanada rivojlantirishga qaratilgan loyihalar izchil amalga oshirilmoqda. Qizilsoy mahallasida yangi maktabgacha ta’lim tashkiloti va sport majmuasining ishga tushirilishi ham ana shu ezgu maqsadlar yo‘lidagi amaliy ishlardan yana biri bo‘ldi.

A.Musayev,O‘zA.